Toshkent viloyatidagi «yashil» tumanlardan birida virus aniqlanib, 2ta obekt vaqtincha yopildi
O‘rta Chirchiqdagi karantin zonasida ko‘ngilli asosda ishlagan pskentlik hamshira koronavirus yuqtirib oldi.
Pskent tuman tibbiyot birlashmasi Tug‘ruq uyida hamshira bo‘lib ishlovchi S.A. da koronavirus infeksiyasi aniqlandi. U Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi maxsus karantin zonasida ko‘ngilli sifatida ishlab kelgan.
Shu munosabat bilan Tug‘ruq uyi 7 iyun kuni profilaktik dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish uchun yopilib, tuman SEOM dezinfektorlari tomonidan to‘liq zararsizlantirish ishlari olib borildi, deb ma'lum qildi tuman SEOM bosh shifokori Mohiraxon Ubayxonova.
«Bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar uy sharoitida karantinga qo‘yilib, virusologik tahlil namunalari olindi. Xonadonlarida to‘liq profilaktik dezinfeksiya va tozalash tadbirlari olib borildi.
Ayni vaqtda TTB tug‘ruq uyi va KTMP IIB tomonidan qo‘riqlovga olingan. Bemorning oila a'zolari faoliyat olib boruvchi go‘zallik salonining faoliyati SEOM tomonidan o‘rganilib, DSENB Pskent tuman filiali tomonidan to‘xtatildi.
Bemor bilan birlamchi va ikkilamchi muloqotda bo‘lganlar ro‘yxati shakllantirilmoqda, kasallikning oldini olish borasidagi qo‘shimcha ma'lumotlar berib boriladi», – deyiladi press-relizda.
Ma'lumot uchun, 8 iyun kuni hududlarning 6 iyundagi holatiga ko‘ra epidemiologik toifalari e'lon qilindi. Unda Pskent tumani «yashil» toifada ko‘rsatilgan.
2 va 6 iyun kungi ro‘yxatlardagi tafovutga ko‘ra, shu vaqt oralig‘ida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on va Chinoz tumanlari toifasi «sariq»dan «qizil»ga o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev 23 may kuni Kun.uz'ga bergan intervyusida koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlari soni 300dan oshgani haqida ma'lum qilgan edi.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024