Jamiyat | 08:00 / 14.06.2020
15755
5 daqiqa o‘qiladi

«Obod mahalla» dasturi bo‘yicha ishlar chala qolgan. Urganch tumanidagi mahalla aholisi muammolardan shikoyat qilishdi

Urganch tumanidagi namunaviy uylar aholisi bir qancha ijtimoiy muammolarning hal etilmayotganidan shikoyat qilishdi.

Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qoramon qishlog‘idagi «Qoramon» mahallasi Urganch-Xiva yo‘lining chekkasida joylashgan. 2012 yilda bu yerda namunaviy loyihaga asosan uylar qurildi. 2013 yilda 50ta oila elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlangan va ichimlik suvi tarmog‘iga ulangan yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tishgan. Hozirda bu uylarda 200dan ortiq kishi istiqomat qilmoqda.

2018 yil iyunida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Obod mahalla» dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni imzolanadi. Unda mahallalar hududini obodonlashtirish, mavjud infratuzilmani kompleks rivojlantirish, shuningdek, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy soha obektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush sharoitini yuksaltirish asosiy vazifalar ekani belgilab qo‘yiladi.

Farmon doirasida «Qoramon» mahallasi ham «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. 2019 yilda mahallada yo‘llar ta'mirlandi, piyodalar yo‘lagi barpo qilindi. Ko‘chani yorituvchi chiroqlar o‘rnatildi. Biroq, mahalla aholisining so‘zlariga ko‘ra, ba'zi ijtimoiy muammolar bartaraf etilmay qolgan.

Mahalla yo‘llarining chuqurchalari ko‘milib, tekislangan bo‘lsa-da, asfalt yotqizilmay qolib ketgan. Qayd etish joizki, «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi emas, balki shag‘al-qum aralashmasi (ShQA) yotqizilishi ko‘zda tutilgan. Ammo buni Xorazm viloyatining issiq va quruq ob-havo sharoitiga qanchalik mos ekani yaxshilab o‘rganib chiqilmagani oydinlashmoqda. ShQA yo‘llarning notekisligini bartaraf qilishga imkoniyat beryapti, biroq, havoga ko‘tarilayotgan chang-to‘zon odamlarga qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirmoqda. Uylarning tomi, dov-daraxtlar, tomorqa yerlaridagi ekinlar changga ko‘milyapti. Chang uylarga kirib ketyapti, odamlarning ovqatiga tushyapti, nafas olishni qiyinlashtiryapti, quritish uchun osilgan kirlarga o‘tiryapti. 

Mahalla aholisi uylaridagi tomorqa ekinlarini, bog‘larini sug‘orish imkoniyatiga ega emas. Hududda ariqlar qazilmagan, uylarga suv yetkazib berish ishlari bajarilmagan. Odamlar ekinlarini ichimlik suvi tarmog‘i orqali yoki yer ostining sifatsiz suvi bilan sug‘orishga majbur bo‘lmoqda.

Ko‘chalarning faqat bir qismiga simyog‘ochlar va tungi yorituvchi chiroqlar o‘rnatilgan. Odamlar quyosh energiyasi orqali ishlaydigan moslamalarning yorug‘ligi past ekanidan shikoyat qilishmoqda.

Mahallada to‘yxona, dorixona bor, ammo bolalar o‘ynaydigan maydoncha, do‘konlar yo‘q. Bolalar yo‘lning qatnov qismida, chang-to‘zonda to‘p tepib yurishibdi. Bu holat ota-onalarning ham xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Oziq-ovqat, birinchi darajali zarur mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘kon tashkil qilinmagan.

Asosiy muammolardan yana biri – telefon tarmog‘ining mavjud emasligi va simli internetning yo‘qligidir. «O‘ztelekom» 2020 yilda mahallaga telefon liniyasi va internet tarmog‘i o‘tkazib berishni va'da qilgan, ammo, keyinchalik bu ishlar 2021 yilga qoldirilgan. Uyali aloqa kompaniyalarining signali pastligi esa mobil internetdan foydalanish imkoniyatini cheklamoqda.

Mahallada chiqindi to‘plash o‘chog‘i bor. Biroq, chiqindilarni muntazam, o‘z vaqtida olib ketish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada, chiqindilar to‘planib qolmoqda va badbo‘y hidlar aholi yashash joylariga tarqalmoqda.

«Qoramon» mahallasi aholisi «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha ish boshlanganida ijtimoiy muammolarning hal qilinishiga, yashash uchun qulay sharoitlar yaratilishiga umid qilib, xursand bo‘lishgan edi. Afsuski, amalda rejadagi ko‘p ishlar oxirigacha yetkazilmagan. Muammolarning asosiy qismi esa e'tiborsiz qoldirilgan.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid