Jahon | 08:01 / 15.06.2020
29951
2 daqiqa o‘qiladi

Taniqli hind aktyori o‘z uyida jonsiz holda topildi

Foto: Instagram

Bollivud yulduzi, 34 yoshli aktyor Sushant Singx Rajput Mumbaydagi uyida jonsiz holda topildi. Bu haqda NDTV telekanali xabar berdi.

Politsiyada taxmin qilinishicha, aktyor o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. Ta'kidlanishicha, bir hafta avval aktyorning sobiq menejyeri ham vafot etgan.   

Bu orada aktyorning politsiya bilan suhbatlashgan yaqinlari va do‘stlari Rajput tushkun holatdaligi yoki sog‘lig‘i yoxud moliyaviy tomondan muammolari borligidan shikoyat qilmagan.

Aktyor “Hayotimdagi uch xato” (Kai Po Che! 2013) filmidan keyin mashhurlikka erishgach, uni taniqli rejissyorlar o‘z filmlariga taklif qila boshlashgan. Rajput, shuningdek, seriallarda ham rollar ijro etgan. Umumiy hisobda aktyor 20dan ko‘proq filmda, jumladan “Pikey” (PK, 2014), “M.S.Dxoni: aytilmagan voqea» (M.S.Dhoni: The Untold Story, 2016), “Drayv” (Drive, 2019) kabi filmlarda suratga tushgan. Uning ishtirokidagi yangi film may oyida ekranlarga chiqishi kerak bo‘lgan, biroq pandemiya sababli qoldirilgan.

Aktyorning hamkasblari va muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z ta'ziyalarini bildirishgan. Jumladan, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham tvitterda aktyor vafoti bilan bog‘liq izoh qoldirgan. Uning fikricha, Rajput o‘z yo‘li bilan ko‘pchilikni ilhomlantirib, kino tarixida o‘ziga xos o‘chmas iz qoldirdi.

“Yosh aktyor juda erta hayotdan ketdi. U televideniye va filmlarda muvaffaqiyat qozongandi. Uning ko‘ngilochar sohada porlashi ko‘pchilikni ilhomlantirdi. Men uning o‘limidan karaxtga tushdim. Mening o‘ylarim uning oilasi va muxlislari bilan birga”, deb yozgan Modi.  

Ta'kidlanishicha, aktyor ijtimoiy tarmoqlardagi oxirgi postini o‘z onasiga bag‘ishlagan.

Mavzuga oid