Jamiyat | 08:47 / 16.06.2020
20391
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'da e'lon qilingan hayotiy hikoya qahramoniga vaqtincha yashash uchun joy ajratildi

31 may kuni Kun.uz'da «Ayol emas, xizmatkor kerak, deyishdi». Oddiy ayolning oddiy bo‘lmagan hikoyasi» sarlavhasi bilan hayotiy hikoya e'lon qilingandi. Unda bir ayolning ayanchli taqdiri hikoya tarzida bayon etilgan.

Ushbu hikoya e'lon qilingach, o‘quvchilar tomonidan iliq fikrlar bildirildi. Bir qator yurtdoshlarimiz yordam berish istagini bildirishdi. Bundan ko‘rinadiki, ayolning kechinmalari, qiyinchiliklari odamlarni befarq qoldirmagan.

Hikoya qahramoni qo‘shrabotlik Gulmira Qo‘shoqova turmush o‘rtog‘i bilan odamlarning uyida turli yumushlarni qilish evaziga kun ko‘rib keladi. Hikoya e'lon qilingach, ushbu masalaga Samarqand viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi  (HPB) e'tibor berib, ayolning muammosini ijobiy hal qilish masalasi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib bordi.

Qo‘shrabot tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Samandar Fozilov ushbu masala bo‘yicha axborot berdi:

«O‘rganish davomida G.Qo‘shoqovaning muqim uy-joyi yo‘qligi sababli hozirda Qo‘shrabot tuman markazida ikkinchi turmush o‘rtog‘i Alisher Xalimov bilan birga ijarada yashab kelayotgani aniqlandi. G.Qo‘shoqova uy-joy masalasida 2019 yil may oylarida tuman hokimiyatiga murojaat qilgan. Tuman hokimiyati tomonidan uy ajratamiz deyilgan vaqtida «Obod mahalla» dasturi boshlanib, uy-joy masalasi orqaga surilgan. So‘ng respublika miqyosida karantin e'lon qilindi va jarayon vaqtinchalik to‘xtab qoldi.

G.Qo‘shoqovaga 2020 yil 5 iyun kuni «Chimmos» mahallasida joylashgan, ta'mirdan chiqarilgan va eski pishgan g‘ishtdan qurilgan qishloq poliklinikasi binosidan 3ta xona hamda 6 sotix yer maydoni tuman hokimiyati tomonidan ajratib berildi. Ushbu bino jami 12ta xonadan iborat bo‘lib, tuman hokimiyati va mahalla mas'ullari tomonidan dalolatnoma asosida yana 3ta kam ta'minlangan oilaga 3 xonadan teng holatda taqsimlanib, ushbu 4ta oilaga vaqtincha yashab turishi uchun berildi.

Poliklinika tuman tibbiyot birlashmasi balansida bo‘lganligi sababli hozirda ushbu ajratib berilgan uy-joy va yer maydoni bo‘yicha tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilmoqda», dedi Samandar Fozilov.

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova tayyorladi

Mavzuga oid