Jamiyat | 23:08 / 17.06.2020
4830
3 daqiqa o‘qiladi

Kiberxavfsizlik markazi karantin paytida internetdagi firibgarliklar ko‘payayotganidan ogohlantirdi

Karantin sharoitida internet xizmatlar va onlayn rejimda ishlash ommalashib bormoqda. Bu esa internet imkoniyatlaridan foydalangan holda sodir etilgan firibgarliklar soni oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Kiberxavfsizlik markazidan ma'lum qilishlaricha, so‘nggi vaqtlarda soxta onlayn-kazinolar va azart o‘yinlar vositasida internet foydalanuvchilarining pullarini o‘zlashtirish holatlari ko‘paymoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan, internetda osonlikcha katta pul ishlash mumkinligi haqidagi e'lonlarda foydalanuvchilarga onlayn kazinolar va boshqa turdagi azart o‘yinlar ishtirokchisiga aylanish taklif etilmoqda.

Bunda foydalanuvchiga soxta saytlardagi (masalan: «https://vulcan-pllatinum.club/ip207.154.211.25») akkauntlar taqdim etiladi. Bu kabi saytlar kishining onlayn kazinoda yutuq yutishi va hisobiga pul mablag‘i o‘tkazib berilishi jarayonini soxta tarzda tashkil etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, pul yutib olgan foydalanuvchiga go‘yoki yutgan mablag‘ini olishi uchun «pul ko‘chirish komissiyasi» to‘lashi kerakligi aytiladi. «Pul ko‘chirish komissiyasi» uchun to‘langan pullar esa firibgarlar hisobiga borib tushadi.

Onlayn-kazino va boshqa azart o‘yin portallarining haqiqiyligini tekshirish imkoniyati yo‘qligi – bu kabi qonunga zid platformalar samarali ishlab ketishining sabablaridan biridir.

Ma'lumki, onlayn-kazino va boshqa azart o‘yinlar ko‘plab davlatlarda taqiqlangan, bunday portallarni bloklash choralari ko‘riladi. Ammo onlayn platformalari egalari bloklanishdan qochish maqsadida doimiy ravishda domen nomi va serverlarini o‘zgartirib turadi», – deyiladi «Kiberxavfsizlik markazi» DUK xabarida.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etganlik hamda o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Kiberxavfsizlik markazi internetdagi firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik uchun azart o‘yinlarda ishtirok etmaslik, shaxsiy axborotlar, bank kartalari raqamlari va bank kartalaridagi operatsiyalar bilan bog‘liq holda yuboriladigan SMS-xabarnomalardagi ma'lumotlarni begona shaxslarga bermaslikni tavsiya qiladi.

Mavzuga oid