Xitoy Afg‘onistonda: «katta o‘yin»ning yangi ishtirokchisi
«Katta o‘yin» yoki «katta qimor» atamasi o‘n to‘qqizinchi asrda Yevropaning ikki yetakchi imperiyasi – Rossiya va Angliya o‘rtasidagi dushmanlikni ifodalash uchun qo‘llangan. Afg‘oniston 1970-yillardan 1980-yillar oxiriga qadar bo‘lgan davrda yana bir «katta o‘yin» – sovet ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi kurash maydoniga aylandi. Bu o‘yinda Pokiston va Eron ham «katta og‘a»lari tomonidan berilgan kichik rollarni ijro etishdi. Qizil armiyaning Afg‘onistonni ishg‘ol etishi «katta o‘yin»ning ikkinchi bosqichining muqaddimasi bo‘lgandi.
«Anadolu agency» nashrida Xitoy Janubiy Osiyoda olib borayotgan geopolitik siyosat to‘g‘risida maqola e'lon qilindi.
Xitoy bosh rolga da'vogarlik qilmoqda
Hozirda AQSh Afg‘onistondan chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rar ekan, katta o‘yinning avvalgi bosqichlarida ishtirok etmagan yangi kuchlar ushbu mamlakatda hal qiluvchi rol o‘ynashga yeng shimarishmoqda. «Yangi»lar safining boshida esa Afg‘onistonni «Bir avlod, bir yo‘l» deb nomlangan global «jumboq»ni yakuniga yetkazishning muhim vositasi sifatida ko‘rayotgan Xitoy turibdi.
Hindiston, Rossiya va AQSh singari o‘yinning boshqa ishtirokchilari o‘zining mavjudligini to‘s-to‘polon bilan namoyon etayotgan bir paytda Xitoy Afg‘onistonda, kobulliklar tili bilan aytganda, «xira chiroq» singari harakat qilmoqda. Ayni paytda AQSh va NATO ittifoqchilarining Afg‘onistondan chiqib ketishi Xitoyning bosh rol ijrochisi sifatida sahnaga chiqishiga yo‘l ochib beradi.
Qo‘shnilar bilan mojaroga boy o‘tmish
Afg‘oniston Xitoy uchun bir necha jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ta'kidlash joizki, Xitoy dunyoda Rossiya Federatsiyasidan keyingi eng ko‘p qo‘shniga ega bo‘lgan ikkinchi mamlakatdir. U quruqlikda 14ta, dengizda esa 5ta davlat bilan chegaradosh. Xitoy hozircha bu mamlakatlardan faqat ikkitasi – Pokiston va Afg‘oniston bilangina hech qanday hududiy-chegaraviy mojaro yoki harbiy ixtiloflarga kirishmagan.
Xitoy o‘zining quruqlikda eng katta chegaraga ega qo‘shnisi Mo‘g‘uliston bilan «ichki Mo‘g‘uliston» taqdiri masalasida hanuz kelisha olmaydi. Mo‘g‘uliston tomoni Xitoy Ichki Mo‘g‘uliston muxtor hududini bosib olgan deb hisoblaydi.
Xitoyning quruqlikdagi eng uzun ikkinchi chegarasi esa Rossiya bilan. Aytish joizki, 60-yillardagi bir qator harbiy mojarolardan to hozirgi kunga qadar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda ba'zan yengil, ba'zan esa og‘ir shaklda tanglik ro‘y berib turgan. Rossiya Xitoy hududining katta qismini ishg‘ol etar ekan, Rossiyaning sharqiy mintaqalarida 3,5 million xitoylik ishchi mavjudligi keskinliklarning yangi omili bo‘lmoqda.
Xitoyning quruqlikdagi eng uzun uchinchi chegarasi esa Hindiston bilan. Ammo bu yerdagi holat Xitoy-Rossiya chegarasidagi vaziyatning tamoman aksi. Ya'ni Xitoy Hindistonning Ladakh viloyati hududining katta qismini egallab olgan. Turli partiyalarga mansub hindlar XX asrning 60-yillaridagi mag‘lubiyat uchun Xitoydan qasos olishni orzu qilishadi.
Xitoy, bundan tashqari, Vetnam va Myanmaning ham bir qismini ishg‘ol ostida tutib turibdi. Xitoyning Yaponiya, Filippin, Vetnam, Janubiy Koreya bilan Janubiy Xitoy dengizi va Koreya ko‘rfazidagi orollar masalasidagi kelishmovchiliklari ham o‘zining tarixiy ildizi ega. So‘nggi yillarda Xitoyning o‘z kuchini namoyish qilishi ayni paytga qadar samara bermadi va Pekinning Spratli orollari va Malakka bo‘g‘ozini nazorat qilish orzusi amalga oshmay qoldi.
Do‘st davlatlar bloki nega tuzildi?
Endilikda Xitoy o‘zining boshqa qo‘shnilari bilan keskinlik yuzaga kelishining oldini olish uchun do‘st davlatlar (Pokiston, Afg‘oniston va Tojikiston) blokini tuzish orqali G‘arbiy Osiyodagi chegaralarini mustahkamlashga harakat qilmoqda. 2015 yilda Xitoy Tojikistonda, Afg‘oniston chegarasi va Vaxon o‘tish punkti yaqinida harbiy baza qurishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda Chin Pokistonda o‘zini Markaziy Osiyo platosining markazidan Gvadar orqali Hind okeaniga bog‘laydigan eng yirik ko‘p funksiyali portlaridan birini qurish bilan mashg‘ul. Ammo Xitoyning Afg‘onistondagi faol ishtirokisiz ushbu portga olib boradigan xalqaro avtomobil yo‘li barqarorligini ta'minlash oson emas
Xitoy «katta o‘yin»ga qanday qo‘shildi?
Xitoy Afg‘onistonda faol harakat qilish dasturini 1933-1973 yillardagi afg‘on hukmdori bo‘lgan Muhammad Zohir Shoh davrida boshlagandi. 1960-yillarda Xitoy pushtu va dariy tillarini o‘rganish uchun minglab xitoylik yoshlarni Afg‘onistonga jo‘natdi. Ta'kidlash joizki, 1960-yillar oxirigacha ushbu davlat Afg‘onistonda samarali tarzda tijoriy-harbiy ta'sir ko‘rsatadigan iqtisodiy imkoniyatga ega emasdi. Xitoy «katta o‘yin»ga mana shu yillardan so‘ng Pokiston vositachiligi orqali kirdi. 2000 yilda Xitoyning Islomoboddagi elchisi «Tolibon» rahbari Mulla Umar bilan uchrashdi va ikki o‘rtada yirik savdo-harbiy kelishuviga erishildi. O‘shandan beri Xitoyning Afg‘onistondagi sarmoyalari hajmi tobora oshib bormoqda.
Xitoyning asosiy maqsadi nima?
Afg‘onistondagi Xitoy investitsiyalarining eng yorqin misollaridan biri – bu Xitoyning uchta hukumat shirkati tomonidan Afg‘oniston mis konlariga 3 milliard dollarlik sarmoya kiritilganidir. Shuningdek, Xitoy Afg‘onistonning temir rudasi resurslaridan foydalanishga hozirlik ko‘rmoqda. Ammo Xitoyning asosiy maqsadi – Afg‘onistonning sarum lityum, neodimiy, lantan, volfram va uran kabi tog‘-kon manbalaridagi afsonaviy boyligini o‘zlashtirishdir. Agar ushbu ulkan tabiiy boyliklar qazib olinsa va ulardan to‘g‘ri foydalanilsa, Afg‘oniston yana taraqqiy etishi mumkin.
Xitoy o‘zining barcha tuxumlarini bitta savatga solmayapti
Xitoy harbiy sohada toliblar bilan hamkorlikka ega. Shu bois «Tolibon» o‘z nazorati ostidagi turli mintaqalarda Xitoy investitsiyalari va texnik xodimlarini himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu himoya evaziga esa Xitoy «Tolibon»ni qurol-aslaha bilan ta'minlamoqda. Qizig‘i shundaki, Xitoy qurollarni toliblarga Pokiston orqali emas, Eron orqali yetkazib beryapti. Pokistonni ushbu «katta o‘yin»dan uzoqroqda tutishdan Pekinning kutgan maqsadi har yil Amerikadan 2-3 milliard dollar atrofida yordam oluvchi Islomobodning Vashington bilan munosabatlaridagi keskinlikning oldini olishdir.
Xitoyning Afg‘onistonda Eron bilan hamkorlik qilishining asosiy sababi esa AQSh va Rossiyani «katta o‘yin»dan chiqarib yuborishdir. Aftidan, Pekin ham, Tehron ham Moskva haqida ijobiy fikrda emas. Eron rahbari Oyatulloh Ali Xominaiy garchi Rossiya bilan qaysidir ma'noda ijobiy munosabatga kirishayotgan bo‘lsada, Eron hukumati va jamoatchiligi Rossiyani o‘z dushmani deb biladi.
Ayni paytda Eronning «Tolibon»ga yordam berishda Xitoy bilan hamkorlik qilishi esa uning AQShga qarshi strategiyasining bir qismidir. Eron «Tolibon»ning Vashington bilan murosa qilishidan qo‘rqmoqda. Xitoy esa har doimgidek o‘zining barcha tuxumlarini bitta savatga solmayapti. Pekinning «Tolibon» bilan hamkorlik qilishi, uni mablag‘ va qurol-aslaha bilan ta'minlashi Chinning rasmiy Afg‘oniston hukumatiga ham «yelka tutish»iga to‘sqinlik qilmayapti.
Ayni paytda Xitoy armiyasi ikki mamlakat chegarasidagi hududda afg‘on tog‘li jangchilar bo‘linmasini yetishtirmoqda. Pekinning ta'kidlashicha, ushbu guruhni o‘qitish sababi Xitoy Qizil armiyasiga uyg‘ur ayirmachilarining Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatiga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam berishdir. Pekin xuddi shu bahonadan o‘zining Tojikistondagi harbiy harakatlarini oqlashda ham foydalanmoqda.
Xitoyning ta'sir doirasi oydinlashmoqda
Xitoyning Afg‘onistonda ta'sir doirasi tobora oydinlashib bormoqda. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, hukmron partiyaga aloqador 100dan ortiq Xitoy kompaniyalari Afg‘onistondagi turli sohalarda, jumladan, neft va gaz, metallurgiya, aloqa, transport va, albatta, harbiy ta'minot tarmoqlarida faoliyat olib bormoqda.
Xitoyning maqsadi Hind okeanidan Markaziy Osiyoga cho‘ziladigan «do‘stona» blokni yaratishdir. Eron ushbu blokni shakllantirishda Xitoy Xalq Respublikasiga yordam beradi, ammo u xuddi Suriyadagi kabi «katta o‘yin»dan chiqarib yuboriladi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024