Jamiyat | 14:29 / 06.07.2020
65830
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tug‘ilgan siam egizaklari vafot etdi

27 iyun kuni Samarqand shahrida dunyoga kelgan siam egizaklari bugun, 6 iyulda vafot etdi. Bu haqda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati ma'lum qildi.

«Shu yilning 25 iyunida fuqaro M.Ch. homilaning 38 xaftaligi bilan viloyat Perinatal markaziga murojaat qilgan hamda 27 iyun, shanba kuni undan siam egizaklari dunyoga kelgan.

Chaqaloqlarda nafas va yurak yetishmovchiligi borligi, ularga doimiy namlangan va ilitilgan kislorod bilan nafas olishi hamda tajribali mutaxassislar nazoratida bo‘lishi zarurligi sababli egizaklar joriy yilning 29 iyun kuni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga o‘tkazilgan edi.

Bugun, 6 iyul kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan, chaqaloqlarda ko‘p sonli tug‘ma rivojlanish nuqsonlar borligi sababli dastlab soat 7:50da siam egizaklarining birinchisi, 10:50da esa ikkinchisi nafas va yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etdi», – deyiladi xabarda.

Avvalroq, homilaning anomal rivojlanishi avvaldan ma'lum bo‘lgani, chaqaloqning qo‘shaloq tug‘ilishi haqida ota-onasiga xulosa berilgani va ona chaqaloqni dunyoga keltirishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi.

«Bu kasallik dunyoda juda kam kuzatiladigan holat. 200-220 ming holatda bir marta kuzatiladi. Hayotda bunday bolalar ko‘p yil umr ko‘rgani, masalan, 30-50 yoshga kirgan holatlari ham uchraydi. Lekin bizdagi holat biroz murakkab, ya'ni, tanasi to‘liq bitta bo‘lib ketgan. Shu sababli biz murakkab tekshiruvlarni o‘tkazishni rejalashtirib turibmiz», – degandi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi o‘rinbosari Dilshod Rahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, homilaning qo‘shaloq rivojlanishiga bir qator omillar sabab bo‘lishi mumkin. Qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh, onaning yoshi o‘tgandan keyingi tug‘ruq, turli radiatsiya nurlari va ekologiya buzilishi ehtimollari shular jumlasidan.

Mavzuga oid