Jamiyat | 15:37 / 10.07.2020
7673
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi sayyor qabullarda nazoratga olingan masalalar keyinchalik o‘z yechimini topyaptimi?

Surxondaryo viloyatida Prezident administratsiyasi va Xalq qabulxonalari vakillari boshchiligida Sariosiyo va Oltinsoy tumanlarida sayyor qabullar tashkil etilgan edi.

Viloyat Xalq qabulxonasidan xabar berishlaricha, Sariosiyo tumanida fuqarolarning 222ta murojaati ko‘rib chiqilgan. Murojaatlarning 61tasi joyida hal etilgan, 52tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan 109ta murojaat bo‘yicha tegishli mutasaddilarga vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olingan edi. Nazoratga olingan murojaatlar bosqichma-bosqich o‘z ijobiy yechimini topmoqda.

Xususan, tumandagi «Marjona» mahallasi aholisini yo‘l, elektr tayanch ustunlari suv va boshqa bir qator muammolar qiynab kelayotgan edi. Fuqaro A.Odinayevning sayyor qabulda mahalla ahli nomidan qilgan murojaati tegishli soha vakillari tomonidan o‘rganildi va amaliy ishlar boshlab yuborildi. Dastlab 5 kilometrdan ortiq masofadagi ichki yo‘llar tekislanib asfalt yotqizildi. Mahalladagi 1968 yillarda o‘rnatilgan eski simyog‘ochlar yangi beton ustunlarga almashtirilmoqda.

Sayyor qabulda nazoratga olingan muammolardan yana biri — «Shabnam» mahallasini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash edi. Ushbu murojaat yuzasidan ham «Mukammal qurilish Butlash» MChJ xodimlari tomonidan 500 metr masofadan ichimlik suvi quvurlari tortib kelish uchun qazish ishlari boshlab yuborildi. Qisqa muddatda 120dan ortiq oilaning toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladigan bo‘ldi.

2017 yilda tog‘li hududlardagi tabiiy ofat – ko‘chki tufayli Gavharbuloq mahallasidagi 42ta xonadon tuman markazidagi Sharq yulduzi mahallasiga ko‘chirilib, joylashtirilgan edi. Aholini qiynab kelayotgan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo qabuldagi murojaatdan so‘ng ijobiy hal etildi.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, ushbu mahallaga 160 kilovatt kuchlanishdagi elektr podstansiyasi o‘rnatildi. 40 dona beton tayach ustunlari o‘rnatilib, elektr simlari tortilmoqda. Natijada, 80ta xonadonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab qondiriladi.

Oltinsoy tumanida ham fuqarolarning 200dan ortiq murojaati ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 84tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 45tasi bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha vaqt va o‘rganish talab etiladigan 73ta murojaat tegishliligi bo‘yicha mutasaddilarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Sariosiyo tumanidagi «Marjona» mahallasi ahli toza ichimlik suvidan qiynalayotgani haqida reportaj e'lon qilgan edi.

Mavzuga oid