Jahon | 19:56 / 23.07.2020
10885
2 daqiqa o‘qiladi

«Deraza ostida qichqirishni bas qiling»: Xabarovskning vaqtinchalik gubernatori norozi aholi oldiga chiqishdan bosh tortdi

Mixail Degtyaryov o‘lka hukumati oldida yig‘ilayotgan barchani «bor kuchlarini yaxshilikka sarflash» va «yolg‘iz insonlarga oziq-ovqatlar yetkazib berish»ga chaqirdi.

Xabarovsk o‘lkasining vaqtinchalik gubernatori Mixail Degtyaryov «deraza ostida qichqirayotgan» namoyishchilar oldiga chiqmasligini aytdi. U bu haqda Bi-bi-si muxbiriga aytgan.

«Chiqmayman! Odamlar oldiga doim chiqayotganimni aytdim. Odamlar bilan muloqot qilaman – faqat to‘g‘ri shaklda. Shifokorlar bilan, mijozlar bilan, siz bilan, masalan... Lekin mana bunday o‘rtoqlarning talabi bilan... Bu nimasi? Bu na menga, na aksariyat rossiyaliklar ovoz bergan prezidentga hurmatsizlik. Na o‘ziga», — dedi Degtyaryov.

Degtyaryov o‘lka hukumati oldida yig‘ilayotgan barchani «bor kuchlarini yaxshilikka sarflash» va «yolg‘iz insonlarga oziq-ovqatlar yetkazib berish»ga chaqirdi.

«Deraza ostida qichqirishlar yetar! Keling, birga ishlaylik, keyin ko‘ramiz. Bizda 22 mlrd rubllik chala qurilishlar bor. Rahbarning deraza ostida qichqirayotganlar bilan gaplashishdan boshqa ishlari bor», — deb ta'kidladi u.

Degtyaryov Sergey Furgalning o‘rniga Xabarovsk o‘lkasi gubernatorligini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. Furgal 10 iyulda qotillikka aloqadorlikda ayblanib hibsga olingandi. Furgal hibsga olinganidan buyon Xabarovskda namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid