Jahon | 22:53 / 25.07.2020
12062
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning qator shaharlarida Furgalni qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglar bo‘lib o‘tdi

Moskvadagi Pushkin maydonida kelishilmagan aksiyada qatnashgani uchun 14 kishi ushlangan.

Foto: AP

Xabarovskdagi mitingga o‘n minglab kishilar yig‘ildi. Xabarovsk o‘lkasining hibsga olingan gubernatori Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalar ikki haftadan beri davom etmoqda.

25 iyul kuni Xabarovsk shahrida hibsga olingan gubernator Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlash uchun navbatdagi aksiya bo‘lib o‘tdi. Unda bir necha o‘n ming kishi qatnashdi, deb yozadi Meduza portali. To‘planganlar "Ozodlik", "Bu bizning o‘lka", "Yo‘qolsin shoh", "Putin iste'foga" deb qichqirishgan.

Xabarovsk shahri ma'muriyatining bildirishicha esa, ruxsat berilmagan aksiyada olti yarim mingga yaqin kishi qatnashgan.

Xabarovskdan tashqari, Vladivostok, Janubiy Saxalin, Komsomolsk-Amur, Moskva, Krasnodar, Yakutsk, Novosibirsk, Krasnoyarsk, Irkutskda ham mitingla bo‘lib o‘tgan. 

Krasnodardagi aksiyada yetti kishi qo‘lga olingan.

Moskvadagi Pushkin maydonida esa kelishilmagan aksiyada qatnashgani uchun 14 kishi ushlangan.

Xabarovskning endilikda sobiq gubernatori Sergey Furgal 9 iyulda qo‘lga olingan va Moskvaga olib kelingandi. U ikki biznesmenning o‘limini tashkillashtirishda va yana bir biznesmenni o‘ldirishga urinishda ayblanmoqda.  

Xabarovskda Furgalni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar 11 iyulda boshlangan.

Prezident Vladimir Putin LDPR deputati Mixail Degtyaryovni 20 iyul kuni Xabarovsk o‘lkasi gubernatori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlagandi.

Mavzuga oid