Sport | 17:07 / 31.07.2020
11556
8 daqiqa o‘qiladi

«6-7 yilda jahon chempionatiga chiqishimiz mumkin». O‘zbekiston hokkey federatsiyasi bosh kotibi bilan «Humo» klubi taqdiri, milliy jamoa va hokkeyning kelajagi haqida suhbat

Hokkey sport turi o‘tgan yil O‘zbekistonga qaytdi. Uning rivoji va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari qanday bo‘ladi? Shu va boshqa savollar yuzasidan Kun.uz va Tribuna.uz cayti muxbiri O‘zbekiston hokkey federatsiyasi bosh kotibi Shukrullo Karimov bilan suhbatlashdi.

- Shukrullo Hamidullayevich, O‘zbekiston orada necha yil hokkeysiz yashadi?

- O‘zbekistonda hokkey sport turi va oxirgi jamoamiz 1986 yili tarqalib ketgandi. Shundan keyin bu sport turi ham deyarli faoliyat yuritmadi. Qariyb 30 yil deganda “Humo” arenasi qurilishi bilan hokkey yana qaytdi. Hozirgi kunda “Semurg‘”, “Humo”, “Toshkent”, “Binokor” kabi bir nechta klublar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari 7-10 yoshli bolalar o‘rtasida ham guruhlar tashkil qilingan bo‘lib, ularni hozirdan tarbiyalashni ko‘zlaganmiz.

- Tarixga nazar soladigan bo‘lsak SSSR davrida hokkey qay darajada edi?

- 70-yillarda “Yubileynaya” muz saroyi qurilgan bo‘lsa, 10 yoshimdan qatnasha boshlaganman. Lekin hozirgi kunda jahon tajribasini olib qaraydigan bo‘lsak, bu kech sanaladi. Ya'ni 5-6 yoshdan berish kerak. 1973 yil O‘zbekistonda birinchi marta “Oltin shayba” musobaqasi o‘tkazildi. O‘sha paytda 104ta jamoa yig‘ilgan. 1976 yildan mahalliy o‘yinchilar chiqishni boshladi. 1988 yilga kelib “Oltin shayba” turniri to‘xtatilgandi.

- “Binokor” jamoasida o‘ynagansiz. O‘sha paytda klubda mahalliy sportchilarning o‘rni qanday bo‘lgan?

- 1976 yildan boshlab 4-5 yil ichida mahalliy sportchilar chiqa boshlagan. 1983-85 yillarga borib, jamoa safini 75-80 foiz mahalliy o‘yinchilar tashkil etgandi.

- Qariyb 30 yil davomida O‘zbekistonda hokkey sport turi bo‘lmadi. Bu vaqt ichida hokkeychilarni tayyorlaydigan tizim ham yo‘q edi. O‘zbekiston yana hokkeyni noldan boshlayapti. Bu jarayon qanday o‘tayapti?

- 2019 yilda bir qator tashkilotlarning tashabbusi bilan Jismoniy tarbiya universitetida qishki sport turlari fakulteti ochildi. Oldin bunaqasi bo‘lmagan. Aynan mana shu fakultetda hokkey sport turi ham bor. Ular o‘qishni bitirganidan so‘ng respublikamizning boshqa joylarida qurilayotgan muz saroylarida murabbiy sifatida faoliyat olib borishadi.

- Hozirgi kunda respublikamizda nechta to‘garak bor va necha nafar yigit-qizlar shu sport turi bilan shug‘ullanmoqda?

- 6ta maktab faoliyat ko‘rsatyapti va qariyb 500 nafar o‘quvchilar tahsil olishmoqda. Bu maktablar ayni paytda asosan Toshkent shahrida ishlamoqda.

- Viloyatlarda hokimliklar yoki tijoriy tashkilotlar muz saroylarini qurishga qiziqmayaptimi?

- Muz saroylarini qurish rejalashtirilgan. Misol uchun Samarqand shahrida muz saroyi qurilishi boshlangan. U yerda ham yaxshi jamoa tuziladi. Bu klub bilan O‘zbekiston va xalqaro musobaqalarda qatnashishini ko‘zlab turibmiz. “Humo” jamoasi ham qisqa davr ichida hattoki Rossiyada o‘z muxlislariga ega bo‘lib ulgurdi. Bu katta natija deb o‘ylayman.

- Hokkey qimmatroq sport turi sanaladi. Sababi o‘ynash uchun maxsus libos va anjomlar, muz maydonlari bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda bir oylik tayyorlov to‘garagida qatnashish necha pul?

- Menimcha, o‘rtacha 300-400 ming so‘m atrofida sarflanadi. Kiyimlar ham uncha qimmat turmaydi. Karantin sababli bolalarni tayyorlash bo‘yicha uzilishlar bo‘layapti.

- Orada hokkey murabbiylari ham yo‘q edi. Bolalarni o‘qitish uchun murabbiylar masalasini qanday yechayapsizlar?

- “Humo” klubi uchun barcha murabbiylarni xorijdan taklif etganmiz. Bolalarni o‘qitish uchun esa xorijlik hamda mahalliy murabbiylardan foydalanayapmiz. Bizda 2 yil ichida juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yurt boshimiz muz saroyimizga tashrif buyurganlarida, yoshliklarida muzda uchganlarini aytib o‘tgandilar. Paxta dalalari qishda yaxmalak bo‘lganida uchgan ekanlar.

- O‘zbekiston xalqaro hokkey federatsiyasiga a'zo bo‘ldi. Bu tashkilotning ham o‘ziga yarasha majburiyatlari bor. O‘zbekistonda hokkey bo‘yicha milliy jamoa bormi? Ular kimlar va jamoaga qanday saralab olinadi?

- Xalqaro federatsiyaning to‘laqonli a'zosi bo‘lish uchun mamlakatda kamida ikki marta chempionat o‘tkazilishi kerak. Biz bir marta 2019 yili o‘tkazgan bo‘lsak, navbatdagisi arafasida karantin bo‘lib qoldi. Hozir Rossiyada shug‘ullanayotgan o‘yinchilarimiz ham bor. Mamlakat chempioni ligada o‘ynashi mumkin. KHLda asosan Yevropa va Osiyo mamlakatlari jamoalari o‘ynashadi.

- Sizningcha, milliy jamoamiz jahon chempionatida ishtirok etishi uchun qancha vaqt talab etiladi?

- 6-7 yil ichida shu darajaga yetishimiz mumkin. Chunki o‘zimizning tuzilma va strukturamizga egamiz. Buning uchun ko‘proq yoshlarni jalb qilinishi kerak. Men o‘ynagan paytlarda viloyatlardan iqtidorli yigitlar kelishardi. Ammo sharoit to‘g‘ri kelmagani yoki Toshkentda yashay olmagani uchun aksariyati qaytib ketishgan.

- Hokkey sport turi bizda rivojlanib ketishiga qanchalik ishonasiz?

- Viloyat va shaharlarda muz saroylari qurishni rejalashtirganmiz. Bu esa e'tibor va qiziqishni yanada oshiradi, deb o‘ylayman. “Humo Arena” muz saroyini boshqa arenalar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Yevropada 3-o‘rinda bo‘lardi, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rindagi muz saroyi sanaladi. Hokkeychilarimiz kurash, yugurish, tosh ko‘tarish, hattoki boks bilan ham shug‘ullanishadi. Hokkeydagi sportchilar milliy o‘yinimiz ko‘pkari – uloqqa chopadigan yigitlarga o‘xshaydi.

- Endi “Humo” klubi haqida gaplashsak. Bu jamoa hokkey muxlislarini yana arenaga qaytara olgandi...

- To‘g‘risi, bu natijani o‘zimiz ham kutmagan edik. Hattoki shunday muxlislar bo‘ldi-ki, raqib jamoa bizning darvozaga gol ursa ham olqishlashdi. Menimcha, bu o‘yinning chiroyli va shiddatli ekanligidan edi. 80 yoshli onaxonlar nevaralarini yetaklab kelib, xursand bo‘lib chiqib ketishdi.

- Yaxshi natijalarga erishishga qaramay, Oliy Ligada qatnasha olmaydigan bo‘ldik. Bu nima bilan bog‘liq?

- Jahonda kechayotgan pandemiya sababli sportchilar va tomoshabinlarning sog‘lig‘ini o‘ylagan holda bir yilga qatnashmaydigan bo‘ldik.

- Ko‘pchilik ushbu sport turini qimmat deb hisoblaydi, ya'ni bu sport turiga xayrixoh emas. Siz sportchi va egallab turgan lavozimingizdan kelib chiqib nima degan bo‘lardingiz?

- Faqat biz emas, Osiyoning boshqa davlatlari, xususan arab mamlakatlari ham issiq o‘lkalar hisoblanadi. Lekin ularda ham bu sport turiga katta e'tibor berilmoqda. Hammasi mahalliy kadrlar bilan ish yuritishadi. Sharoit va muhit yaxshi bo‘lsa, bizning sportchilar ham yuqori natijalarga erisha olishadi.

- Umuman O‘zbekistonda ushbu sport turi rivojlangan, zal tomoshabinlar bilan to‘lgan taqdirda bu xarajatlarning necha foizini qoplay oladi?

- Tomoshabinlar bilan to‘la o‘tgan o‘yinlar o‘zini qoplay oladi. Bu ham katta natija. Boshqa sport turlari kabi bizning ham niyatimiz yoshlarni jalb qilish va ertangi kelajagi uchun kurashishni o‘rgatish.

Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid