Jahon | 11:55 / 03.08.2020
21245
2 daqiqa o‘qiladi

«U belarus emas». Lukashenkoning Rossiyaga qochib ketgan raqibi u haqda keskin fikrlar bildirdi

Belarusda o‘tkaziladigan prezident saylovida nomzodi ro‘yxatga olinmagan Valeriy Tsepkalo mamlakatning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenko haqida keskin fikrlar bildirdi. Siyosatchi davlat rahbarini respublika aholisi uchun begona deb biladi.

Foto: Kremlin Pool/Global Look Press/www.globallookpress.com

Belarusdagi prezident saylovida qatnashishga ruxsat berilmagandan so‘ng Rossiyaga qochib ketgan Valeriy Tsepkalo raqibi Aleksandr Lukashenko haqida keskin fikrlar bildirdi. Bugun u qo‘shni mamlakatdan turib aktiv siyosiy kurash olib boryapti. U Lukashenkoni belarus xalqiga mutlaqo begona deb bilishini bildirdi.

Tsepkalo Lukashenko Belarusning amaldagi konstitutsiyani doimiy ravishda buzib kelayotgani va hujjatlarni qalbakilashtirish bilan shug‘ullanayotganini qayd etdi. Shuning uchun siyosatchi belaruslarga «amaldagi rejimning mohiyatini» – respublikadagi hokimiyat tizimining haqiqiy yuzini ko‘rsatishni xohlaydi.

«Lukashenko, biz belaruslar o‘zimizni qanday his qilayotganimiz va bizni chet elda qanday qabul qilishayotgani kabi haqiqiy belarus emas», deydi amaldagi prezidentning raqibi. Tsepkaloning qo‘shimcha qilishicha, respublika Lukashenko irsiy tarafdan ham, axloqiy tarafdan ham mamlakat aholisi uchun mutlaqo begona.

«Bizning asosiy maqsadimiz – Belarusni Lukashenkodan butunlay xalos qilish, uni butunlay yanchib tashlash, majoziy ma'noda uni o‘yindan tashqari holatda qoldirish», deydi Tsepkalo Forbes nashriga bergan intervyusida.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga qochib o‘tganidan keyin u ochiq gapira olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Yaqinlashayotgan saylovlarda nima bo‘lishini taxmin qilishning iloji yo‘q, degan u.

Eslatib o‘tamiz, siyosiy ta'qiblardan qochib mamlakatni tark etgan Tsepkalo Rossiyaga o‘z farzandlari bilan ko‘chib o‘tgan. Uning xotini Veronika Tsepkalo esa Minskda qolgan va prezidentlikka nomzodlardan biri Svetlana Tixanovskayaning saylovoldi shtabida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid