O‘zbekiston | 10:02 / 04.08.2020
28573
6 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim vazirligi OTMda kontrakt pullari nimaga sarflanishi haqida ma'lumot berdi

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokamalar markaziga chiqmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi oliy ta'lim muassasalarida o‘qitishning minimal xarajatlari to‘g‘risida aniq misollarni ortiqcha izohlarsiz keltirib o‘tdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika oliy ta'lim muassasalarida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi ta'lim shaklida bir talabani bir yillik o‘qitish xarajatining eng kam miqdori (stipendiyasiz) 9,3 mln. so‘mni tashkil etmoqda.

Jumladan, professor-o‘qituvchi, xodimlar ish haqlari va ish beruvchining ijtimoiy to‘lovi uchun 7,9 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 85,4 foiz), boshqa joriy saqlash xarajatlari uchun 1,4 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 14,6 foiz) shundan, kommunal xarajatlar uchun 0,3 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 2,8 foiz).

Amalda esa bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori (stipendiyasiz) 6,4 mln. so‘m etib belgilangan bo‘lib, joriy saqlash xarajatlarining 69 foizni qoplamoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, har bir bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar o‘qitishning minimal xarajatlari uchun to‘lovlarni 2,9 mln. so‘mga kam to‘lamoqda. Mazkur xarajatlar oliy ta'lim muassasalari tomonidan oshirilgan (“super”) kontrakt va davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanib kelinmoqda.

Ma'lumot uchun, hisob-kitoblar bugungi kunda respublika oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarning 80 foizdan ortig‘i o‘qiyotgan ta'lim yo‘nalishlariga tegishli.

Shu bilan bir qatorda, san'at ta'lim yo‘nalishlarida o‘qitish xarajatining eng kam miqdori 21,9 mln. so‘mni tashkil etgani holda, jumladan, professor-o‘qituvchi, xodimlar ish haqlari va ish beruvchining ijtimoiy to‘lovi uchun 20,5 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 93,8 foiz), boshqa joriy saqlash xarajatlari uchun 1,4 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 6,2 foiz) shundan, kommunal xarajatlar uchun 0,3 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 1,2 foiz), bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori (stipendiyasiz) 7,8 mln. so‘m etib belgilangan bo‘lib, xarajatlarning 35,5 foizni qoplamoqda.

Xuddi shunday sog‘liqni saqlash ta'lim yo‘nalishlarida ham o‘qitish xarajatining eng kam miqdori 13,5 mln. so‘mni tashkil etgani holda, jumladan, professor-o‘qituvchi, xodimlar ish haqlari va ish beruvchining ijtimoiy to‘lovi uchun 12,1 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 90,0 foiz), boshqa joriy saqlash xarajatlari uchun 1,4 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 10,0 foiz) shundan, kommunal xarajatlar uchun 0,3 mln. so‘m (umumiy xarajatga nisbatan 2,0 foiz), bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori (stipendiyasiz) 9,1 mln. so‘m etib belgilangan bo‘lib, joriy saqlash xarajatlarining 67,4 foizni qoplamoqda.

“Yuqorida keltirilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oliy ta'lim muassasalari xarajatlarining asosiy qismi professor-o‘qituvchi va xodimlar ish haqlariga to‘g‘ri kelmoqda. Belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari esa ish haqlarini qoplash uchun yetmaydi.

Respublikada pandemiya munosabati bilan e'lon qilingan karantin cheklovlari davrida oliy ta'lim muassasalarining barcha professor-o‘qituvchi va xodimlariga belgilangan tartibda ish haqlari, jumladan talabalarga stipendiya to‘lovlari ham to‘lab kelinmoqda.

2020 yilning 1 aprelidan professor-o‘qituvchilar masofaviy ish rejimiga o‘tgan holda tasdiqlangan fan dasturlari asosida belgilangan darslarni onlayn ko‘rinishida o‘tib,belgilangan o‘quv va metodik yuklamalarini bajardi. Oliy ta'lim muassasalari talabalar uchun masofaviy (onlayn) ta'lim berish joriy etilganligi munosabati bilan uni tashkil etish uchun qo‘shimcha texnik va metodik ta'minot yaratildi.

Yangi o‘quv yili qaysi shaklda boshlanishidan qat'iy nazar: an'anaviy yoki masofaviy shaklda bo‘ladimi, oliy ta'lim muassasalari tomonidan talabalarning sifatli ta'lim olishlarini ta'minlash uchun zarur ishlar olib boriladi. Bu borada orttirilgan tajriba va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa qilingan holda, barcha resurslar ishga solinadi.

Pandemiya muddatlari uzaytirilib, o‘qish onlayn tarzda davom ettirilgan holatda ham, to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan talabalar va ularning ota-onalari xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q. Ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan har bir talabaga muassasa ma'muriyati tomonidan individual yondashgan holda imoniyat yaratib beriladi.

Oliy ta'lim muassasalari oliy ma'lumot olish istagida bo‘lgan yoshlarimizning tanlovini hurmat qilgan holda, ularning malakali mutaxassis bo‘lishlarini ta'minlash uchun oliy ta'lim tizimida mavjud barcha imkoniyatlarni safarbar etadi”, - deyiladi vazirlik izohida.

Mavzuga oid