O‘zbekiston | 19:14 / 14.08.2020
140013
3 daqiqa o‘qiladi

Talabalarga kontrakt to‘lovi bo‘yicha yengilliklar berildi

Davlat OTMlarida kunduzgi ta'lim shaklida o‘qiyotgan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladi.

Pandemiya sharoitida aholining to‘lov qobiliyati pasayishi hisobga olinib, farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan oilalarga qator yengilliklar berilmoqda. Bu borada Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra:

  • 2020/21 o‘quv yilida amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori uchun kunduzgi shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladi;
  • OTMlar tomonidan yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, «temir daftar» ro‘yxatidagi oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarga kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun manzilli moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bunda OTMlar mavjud mablag‘lari hisobidan talabalarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, 4 mln so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
  • Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va OTMlarda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 4 mingdan ortiq talabaga shartnoma miqdorining 35 foizini to‘lash orqali moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ushbu moddiy yordam bir talabaga bir yilda 2,4 mln.so‘mdan 3,4 mln.so‘mgacha miqdorni tashkil etadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, OTMlarda ta'lim olish (o‘zining, 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta'lim olishi) uchun to‘lovlarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig‘idan ozod qilingan bo‘lib, bunda bir nafar talaba uchun kontrakt to‘lagan oilaga bir yilda 770 ming so‘mdan 1 mln 177 ming so‘mgacha mablag‘ daromad solig‘idan imtiyoz shaklida qaytadi.

«To‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda beriladigan chegirmalar hisobiga davlat budjetiga ortiqcha yuk tushmasligi uchun oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayoniga tegishli xarajatlar normativlari qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularda qo‘shimcha ta'lim xizmatlarni ko‘rsatish hisobiga budjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilish orqali chegirma xarajatlarini qoplash choralari ko‘riladi», – deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, OTMlarda 2-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili 2 sentyabrdan, masofaviy shaklda boshlanadi. Shu kundan o‘qishga kirish bo‘yicha test sinovlari ham boshlanib, o‘qishga qabul qilingan 1-kurs talabalari uchun darslar 1 oktyabrdan yo an'anaviy, yo masofaviy tarzda boshlanishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid