O‘zbekiston | 14:33 / 19.08.2020
6308
2 daqiqa o‘qiladi

«Koreyaga ishga jo‘natishni tashkil etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda» – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Foto : KUN.UZ

Jumladan, murojaatlardan birida fuqaro Koreya Respublikasida ishlash uchun saralash jarayonining barcha bosqichlaridan o‘tgani va ish beruvchi tashkilot tomonidan shartnoma olganini aytib, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasiga qachon jo‘nab ketishim mumkinligi haqida so‘ragan.

«Bugungi pandemiya davrida butun dunyo aholisi qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yuzaga kelayotgan turli muammolar sababli ishsizlik darajasi oshmoqda. Shuningdek, davlatlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, xalqaro qatnovlar ham bekor qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mehnat ta'tili olib kelgan va shartnoma loyihasi kelgan fuqarolarning Janubiy Koreyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketish imkoniyati hozircha mavjud emas.

Fursatdan foydalanib, Koreya Respublikasiga ishga ketish istagidagi yurtdoshlarimizdan shu sohada tanish-bilishi borligi, ma'lum to‘lovlar evaziga ishga jo‘natish yoki bu jarayonni tezlashtirib berishni va'da qilayotgan turli firibgarlarga ishonmaslikni so‘raymiz.

Hozirgi vaqtda yurtdoshlarimizni Koreya Respublikasiga ishga jo‘natishni tashkil etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Muzokaralar natijasi haqida rasmiy axborot beriladi», - dedi Ortiqxo‘ja Norov.

Brifingda Koreya Respublikasiga O‘zbekiston fuqarolarining kirishi qachon boshlanishi haqidagi savolga ham javob berildi.

«Joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni keskin oshib ketgach, Koreya tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining samolyot bortiga chiqarilishi vaqtincha to‘xtatildi. O‘zbekistondagi pandemiya holati koreyaliklar tomonidan muntazam kuzatib borilmoqda va ushbu holat ijobiy tomonga o‘zgargach, yangilik bo‘lishi kutilmoqda», - dedi savolga javoban agentlik axborot xizmati rahbari.

Mavzuga oid