O‘zbekiston | 14:08 / 23.08.2020
63783
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi

Buxoro eli og‘ir judolikka uchradi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi, davlat va jamoat arbobi Karim Jamolovich Kamolov 22 avgust kuni 65 yoshida vafot etdi. Marhum Buxoro shahridagi «Hazrati Imom» qabristoniga dafn etildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi. Marhum haqiga Qur'on tilovat qilindi.

O‘zining 47 yillik faoliyati davomida Karim Kamolov chinakam rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan ulkan hurmat qozongani, Buxoroning har tomonlama rivojlanishi va obod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgani ta'kidlandi.

Karim Kamolov 1955 yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini bitirib, mehnat faoliyatini qurilish sohasida boshlagan. 1994-2007 yillarda Buxoro shahri hokimi sifatida samarali mehnat qilgan. Mazkur davrda bu yerda mislsiz bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar izchil rivojlandi. Shaharning 2500 yilligi keng nishonlandi, xalqaro festivallar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Qadimiy obidalar obod qilinib, turizm infratuzilmasi yaxshilandi.

Karim Jamolovichning boy bilim va tajribasi 2007-2017 yillarda «20-trest» mas'uliyati cheklangan jamiyat raisi bo‘lib ishlagan paytlarida qo‘l keldi.

Oxirgi yillarda viloyatda yuz berayotgan keng miqyosli o‘zgarishlar ham Karim Kamolov sermahsul faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. U 2017 yildan Buxoro shahri hokimi, 2020 yil fevraldan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida mamlakatimizdagi islohotlarni amalga oshirishda fidokorona mehnat qildi. Xalq deputatlari viloyat va shahar kengashlari a'zolari qatorida hududning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim qarorlarni ishlab chiqishga ham hissa qo‘shdi.

Karim Kamolovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlari munosib taqdirlanib, u «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Mavzuga oid