O‘zbekiston | 18:03 / 25.08.2020
113023
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi avtomobil orqa-yon oynasiga parda o‘rnatish masalasida Oliy sudda yutqazdi

Bugun, 25 avgust kuni Ichki ishlar vazirligining bu boradagi shikoyati Oliy sudda rad etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma'lum qildi.

2019 yil 6 sentabr kuni Buxoro shahar ma'muriy sudida fuqaro B. Baxranovga nisbatan MJtKning 126-moddasi (ko‘zgusimon va/yoki tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish)ning 1-qismi bo‘yicha yuritilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan.

Sud qaroriga muvofiq, B.Baxranovning harakatlarida ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan bo‘lgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJtKning 271-moddasi (ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar)ning 1-bandiga asosan tugatilgan.

2019 yil 2 oktabr kuni Buxoro viloyati ma'muriy sudida Buxoro shahar ma'muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi qaroriga nisbatan Buxoro viloyat IIB YHXB tomonidan keltirilgan kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgan.

Kassatsiya instansiyasi sudining qaroriga muvofiq, 6 sentyabrdagi qaror o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirishsiz qoldirilgan.

2020 yil 25 avgust kuni Oliy sud Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atida Ichki ishlar vazirligining yuqoridagi ikki qaror ustidan bergan nazorat tartibidagi shikoyati ko‘rib chiqilib, sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirildi.

Mavzuga oid