O‘zbekiston | 20:03 / 20.09.2020
12284
2 daqiqa o‘qiladi

«Men jurnalist emasman, degan bahona o‘rinsiz» - Najot Nur vlogerlarning tilga munosabati haqida

Taniqli teleradioboshlovchi, hozirda audiokitoblar yaratish ustida ishlayotgan Najot Nur Kun.uz'ga bergan intervyusida internetdagi sahifalariga videolar joylab borayotgan vlogerlarning tilga munosabati va o‘zbek tilining sofligi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«So‘z erkinligi, matbuot erkinligi bo‘ldi. Videoblog yuritadigan vlogerlar rivojlandi. Bu sohada jurnalistikadan chiqib kelmagan insonlar ham anchagina, hammasining omadini bersin. Ammo til normalarini, qoidalarini buzishsa, ulardan: «Men jurnalistikadan chiqib kelmaganman», degan iddaolarni eshitamiz.

Bunday iddaolar ketmaydi. Chunki misol uchun, futbolning o‘z qoidalari bor. Bosh hakam, yordamchi hakamlar, ikki darvozabon, o‘n bittadan o‘yinchi... Ya'ni shakllangan, yaratilgan qoidalar bor. Kimdir kelib: «Men qo‘lim bilan o‘ynayman, chunki futbol maktabidan chiqib kelmaganman», deb ayta olmaydi.

Xuddi shunday, tilning ham o‘z me'yorlari bor. Unga amal qilishga majbursiz. Siz jurnalistikadan chiqib kelganmisiz yoki boshqa sohami, bu ahamiyatsiz. Tilni buzishga haqqingiz yo‘q. «Til normalariga faqat jurnalist amal qilishi kerak», degan fikr xato.

Axir vlogerlar ham qaysidir ma'noda axborot tarqatyapti. Ularni yuzlab, minglab, yuz minglab odamlar tomosha qiladi. Til qoidalari buzilganda esa auditoriya buni norma sifatida qabul qila boshlaydi. Ko‘plab vlogerlar shevada gapirishni boshlasa, yosh avlodda mumkin ekan-da, degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Farg‘ona–Toshkent shevasiga asoslangan adabiy tilni tanladikmi, unga amal qilishimiz kerak», – dedi Najot Nur.

To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida, ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid