Jahon | 13:24 / 26.09.2020
6292
3 daqiqa o‘qiladi

Xabarovskda yana Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish o‘tkazildi

Bugun, 26 sentabr kuni Rossiyaning Xabarovsk viloyatida qo‘lga olingan sobiq gubernator Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlash namoyishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2 mingdan ko‘proq odam qatnashgani aytilmoqda.

Foto: Twitter

Namoyishlar Sergey Furgal gubernatorlikka saylanganining ikki yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan. Namoyishchilar odatdagidek Xabarovsk o‘lkasi hukumat binosi yaqinidagi Lenin maydonida to‘planishgan. Ular avvaliga shahar meri Sergey Kravchukning iste'fosini talab qilib, keyinchalik Vladimir Putinning manziliga tanqidli chaqiriqlarni aytishgan. Maydonda boshlangan namoyishlar shahar ko‘chalari bo‘ylab davom etgan.

Oldingi haftalardagi shanba kunlarida ham namoyishlar bo‘lib o‘tgan va bugun odam o‘tgan haftadagiga qaraganda ko‘proq to‘plangani aytilmoqda. Xabarovsk viloyatining vaqtincha gubernatori bo‘lib turgan Mixail Degtyarev mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tartibni saqlash topshirig‘ini bergan.

«Ikki oydan buyon namoyishchilar ko‘chalardagi mashinalar harakatiga xalaqit bermoqda, yo‘llar yopilmoqda, haydovchilar asabiy signal chalmoqda. Bu qo‘pol qoida buzish hisoblanadi. Nimadir ikki oy davom etsa, u odamlar uchun odatga aylanib qolishi hech gap emas. Keyin navbat boshqa qonunbuzarliklarga keladi», deb Degtyarevning so‘zlarini keltirgan Dvhab.ru sayti.

9 iyul kuni Xabarovsk o‘lkasining saylangan gubernatori Sergey Furgal ishga ketayotganda FSB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, qo‘lga olingandi. U 15 yil avval sodir etilgan qotillikning tashkilotchisi sifatida gumonlanmoqda. LDPR partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy Furgal qo‘lga olingan kuni u qo‘yib yuborilmasa, partiyasini Dumadan olib chiqib ketishini ma'lum qilgandi.

Sergey Furgal qo‘lga olinganidan ko‘p o‘tmay Xabarovsk o‘lkasida norozilik namoyishlari boshlandi. Odamlar o‘zlari saylagan gubernator qo‘yib yuborilishini talab qilishdi. Keyinchalik namoyishlar Rossiyaning boshqa hududlarida ham o‘tkalildi. Mixail Degtyarev Xabarovskning vaqtincha Gubernatori bo‘lgani odamlar orasida navbatdagi norozilik to‘lqinini keltirib chiqargandi.

Mavzuga oid