O‘zbekiston | 16:45 / 30.09.2020
47860
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi tungi spa salonlarda reyd o‘tkazildi (video)

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari poytaxtda tungi soatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan diskoteka-bar va spa salonlarda karantin cheklovlariga rioya etilishi yuzasidan reyd tadbirlarini o‘tkazdi. Kun.uz ichki ishlar xodimlariga hamrohlik qilib, tungi reyd voqealarini tasvirga oldi.

So‘nggi paytlarda shaharda go‘yoki massaj xizmatlarini taklif etuvchi, aslida mijozlarga intim xizmatlar ko‘rsatuvchi spa salonlar ko‘payib qolgan. Hukumat maxsus komissiyasi qarori bilan shu turdagi ayrim xizmatlarning faoliyati ayni vaqtda cheklangan. Shunga qaramay, Telegram kanallar orqali aloqa raqamini tarqatib, tungi soatlarda shaxsiy xonadonlarga massajga chorlagan qizlar fosh bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida qizlarning tegishli hujjatlari bo‘lmay ishlayotgani, qolaversa, karantin qoidalarini buzayotgani aniqlandi.

Uchtepa tumanida joylashgan maskanda esa bir guruh yoshlar niqobsiz karantin qoidalarini mensimasdan ovqatlanib, chilim chekib o‘tirgan edi. O‘zini umumiy ovqatlanish shoxobchasi sifatida talqin qilib, aslida diskoteka sifatida ish olib borayotgan maskan ish boshqaruvchisi esa zalda o‘tirgan qizlarni ofitsiant ekanini iddao qildi. Ularning ofitsiant libosida emasligini esa ular maxsus kiyim olishga ulgurmagani bilan izohladi. Ish boshqaruvchi qizlarning ofitsiantlarga xos bo‘lmagan holatda yoyilib, turmaklangan sochlari haqidagi savolga javob berolmadi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.

Reyd tadbirining keyingi manzili – poytaxtdagi Oybek metrosiga yaqin joylashgan ko‘p qavatli turar joyda tashkil qilingan spa salon bo‘ldi. Kameradan yuzini yashirishga harakat qilgan qizlardan biri salonga reyd ishtirokchilari kirib kelishi bilan kiyinishga tushdi. Uning aytishicha, bu yerga karantindan oldin tashlab ketgan kiyimlarini olishga kelgan va yo‘l-yo‘lakay yuvinib olishni maqsad qilgan. Lekin kiyimlarini qanday joyga tashlab ketgani va bu yerning spa salon ekanidan bexabarman, degan iddaolari hech ham ishonarli bo‘lmadi.

Qizlardan boshqa biri esa bu yerda nima ish bilan shug‘ullanmoqdasiz, degan savolga: «Massaj qilaman, kuniga 2-3 nafar mijoz keladi, har bir mijozga xizmat ko‘rsatish 200 ming so‘mdan», degan javobni berdi. Ular massajning qanday turini ko‘rsatishi va mijozlar qizlarning raqamini qanday topishi haqida berilgan savolga javob bera olmadi.

Tungi soat 2ga yaqin boshqa bir spa salon mijoz chaqirayotgani aniqlandi. U yerdagi qizlar endigina ishga kelganini ro‘kach qilishgan bo‘lsa, ulardan biri yaqinda minimal ish haqqining 15 baravarida jarimaga tortilganini, uni to‘lashga mablag‘i yo‘qligini, qolaversa, boshqa hech narsa qo‘lidan kelmasligi-yu, mahalla va hokimiyatdagilarga ish masalasida murojaat qilsa, ular ham buning evaziga pul talab qilishlarini iddao qildi.

O‘tkazilgan reyddan asosiy maqsad esa odamlar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlamay, niqob taqmay, karantin qoidalarini mensimay harakatlanayotgan shaxslarni tartibga chaqirishdir. Chunki har kuni koronavirusga chalinganlarning soni ortib bormoqda. O‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligini asrang!

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov

Mavzuga oid