Jahon | 12:21 / 12.10.2020
38478
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning banknotalar va smartfonlarda «yashashi» muddati ma'lum qilindi 

Avstraliyalik olimlar koronavirus banknotalar va smartfonlar ekranlarida 4 haftagacha qolishi mumkinligini isbotlashdi. Bu muddat shunday sirtlarda gripp virusi qolishi mumkin bo‘lgan vaqtdan deyarli 2 marta ko‘proqni tashkil qiladi. 

Foto: Getty Images

Avstraliyaning kasalliklarga qarshi kurashish markazi olimlari banknotalar, oyna, sensor ekranlar, metall dasta va tutqichlarda koronavirus bir oygacha qolishi mumkinligini aniqlashdi. Virus “juda bardoshli” bo‘lib, xona haroratida smartfon oynasi va banknotalar kabi silliq sirtlarda 28 kungacha “yashashi” mumkin.

Tadqiqotda ta'kidlanishicha, xuddi shunday sharoitlarda gripp virusining yashovchanligi 17 kunni tashkil qiladi.    
Olimlar, shuningdek, koronavirus silliq va g‘ovaksiz sirtlarda paxta kabi murakkab va g‘ovak sirtlarga ega materiallarga nisbatan ko‘proq yashovchan bo‘lishini aniqlashgan. Bundan tashqari, ba'zi sirtlarda harorat oshishi bilan virusning yashovchanligi davri keskin kamayadi, bu esa koronavirus sovuq havoda ko‘proq qolishi haqidagi taxminni tasdiqlaydi.    

Tadqiqotga ko‘ra, virus zanglamaydigan po‘latdan ishlangan buyumlar, polimer banknotalar, vinil va oynada 20 daraja haroratda 28 kungacha faol bo‘lib qoladi. Harorat 30 darajagacha ko‘tarilganda bu muddat bir haftaga kamayadi, 40 darajagacha oshganda esa 2 kunni tashkil qiladi. Virusning qog‘oz banknotalarda qolishi ham yuqoridagi kabi. Virus paxtada xona haroratida bir hafta, 30 daraja issiqda 3 kun va 40 darajada bir kungina “yashar” ekan.

Virusning oyna va vinilda uzoq vaqt yashashining aniqlanishi muhim hisoblanadi, chunki smartfonlar, bankomatlar va boshqa shunday qurilmalarning sensor ekranlari yetarlicha samarali tozalanmaydi va koronavirus tarqalishi manbaiga aylanishi mumkin. Shuningdek, koronavirusning banknotalarda uzoq vaqt “yashashi” odamlar va hattoki geografik hududlar o‘rtasida faol virusning tarqalishiga imkoniyat yaratadi.   

Bundan tashqari, koronavirusning past haroratlarda zanglamas po‘latda uzoq vaqt qolishi virusning go‘shtni qayta ishlash korxonalari va muzxonalarda keng tarqalishi sababini tushuntirishi mumkin va yangi hamda muzlatilgan mahsulotlarda saqlanib qolishini isbotlaydi.

Mavzuga oid