Rossiyaning beshta shahrida O‘zbekiston fuqarolari uchun bepul rus tili kurslari ochildi
Til kurslari 1 oy (72 soat) davom etadi. Bundan tashqari, RFdagi o‘zbekistonlik migrantlar o‘z kasbi bo‘yicha bepul malaka oshirishi va yangi kasb o‘rganishi ham mumkin bo‘ladi.
Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg va Novosibirsk shaharlarida o‘zbek migrantlari uchun rus tilini o‘rgatuvchi bepul kurslar ochildi. Bu haqda Mir24 xabar berdi.
“Fuqaro uchun bu kurslar bepul. Davlat to‘laydi, chunki fuqaro malakali mutaxassis bo‘lishi davlat uchun muhim. Keyinroq bu [til bilish] uning daromadi darajasiga ta'sir qilishi mumkin”, – degan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yetakchi mutaxassisi Mashrab Madrahimov.
Avvalroq, yuqoridagi beshta shaharda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha 1 oylik (72 soatlik) va 2 oylik (144 soatlik) o‘quv kurslari tashkil etilishi ma'lum qilingandi:
- rus tili;
- o‘z kasbi bo‘yicha malaka oshirish;
- yangi kasb o‘rganish.
Malaka oshirish va kasb o‘rganish kurslarida xizmat ko‘rsatish, qurilish va kompyuter texnologiyalari sohasida dars o‘tiladi. Kurslar sutkaning ikki xil vaqtida: kunduzi va ishlovchilar ish vaqtidan keyin 19:00 dan 22:00 gacha tashkil etiladi.
Kurslarga har kuni qatnab o‘qishga imkoni bo‘lmaganlar uchun o‘quv markazlarida yotoqxona tashkil etiladi. Kurslar va yotoqxona bo‘yicha barcha xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi va mehnat migrantlari uchun mutlaqo bepul.
O‘quv kurslarini tugatgan fuqaroga Worldskills standartlari asosida o‘qiganlikni tasdiqlovchi va malaka darajasini ko‘rsatuvchi skills passport (malaka pasporti) beriladi.
Kurslarda o‘qish masalasida quyidagilar orqali murojaat qilish mumkin:
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Telegram`dagi @uzrivoj_bot tizimi;
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining +998 71 202 33 55 telefon raqami;
- Agentlikning RFdagi vakolatxonasining +7 925 759 59 25 telefon raqami.
Mavzuga oid
17:18 / 01.11.2024
Medvedev Rossiyada rus tilini bilmaydigan bolalarni maktabga qabul qilmaslikni taklif etdi
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024