Jamiyat | 03:10 / 20.10.2020
14768
7 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transportida qo‘lqop taqish: yo‘lovchilar fikri, mas'ullar iddaosi va deputat pozitsiyasi

19 oktyabrdan Transport vazirligi Toshkent shahrida jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo‘lqopda bo‘lish tartibi ham joriy etilishini ma'lum qilgan edi. Bu qator sabablar bois jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbiri jamoat transportida tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lish majburiyligi yuzasidan metro yo‘lovchilari fikrini o‘rgandi.

Kamera qarshisida gapirgan yo‘lovchilarning aksari yangi tartibga qarshi emasligini bildirdi. Chunki qo‘lqoplar bepul tarqatilmoqda.

Ayrim fuqarolar esa majburiy qo‘lqopda bo‘lish tartibiga nisbatan salbiy fikrda ekanini bildirdi.

«Qo‘lqoplar qo‘l terlashiga sabab bo‘lyapti. Fuqarolar jamoat transportidan foydalanib bo‘lgach, qo‘lqoplarini yechadi. Terlagan qo‘lga ko‘proq mikroblar yopishadi. Shuningdek, qo‘l terilarda har xil o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Bu tartibdan ko‘ra fuqarolarga shaxsiy gigiyena qoidalarini, doim qo‘lni sovunlar va antiseptik vositalar orqali tozalab yurishni targ‘ib qilish yaxshiroq emasmi?» – deydi yo‘lovchilardan biri.

Navro‘z Ashurmatov

Transport vazirligi: «O‘zbekistonlik epidemiologlar va xorij tajribasi o‘rganildi»

Kun.uz qaror tashabbuskori Transport vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning ma'lum qilishicha, yo‘lovchilarga tarqatiladigan tibbiy qo‘lqoplar transport korxonalari hisobidan xarid qilinadi. Ammo metropoliten va «Toshshahartransxizmat»ning bu xarajatlari qoplab beriladi.

«Asosiy maqsadimiz koronavirus va boshqa yuqumli infeksiyalar tarqalishini minimal darajaga tushirish. Bu tartibni joriy etishda sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlarining tavsiyasi va xorij tajribasi ham o‘rganildi. Masalan, Moskvada ham shu tartib joriy etildi.

Qo‘lqoplar yo‘lovchilar hisobidan emas, transport korxonalari tomonidan sotib olinmoqda. Har bir qo‘lqop jufti 56 so‘mga tushyapti. Myetropoliten hamda «Toshshahartransxizmat» korxonalarining moliyaviy xo‘jalik ishi oy yakuni bo‘yicha qo‘lqop uchun ketgan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Ya'ni Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan tashkilotlarga o‘tkazib beriladi», – deydi Transport vazirligi rasmiysi.

Ashurmatov Kun.uz'ning jamoat transporti korxonalariga qo‘lqoplarni kim yetkazib bermoqda, degan savoliga ayni paytda unda bu haqda ma'lumot yo‘qligini aytib, keyinroq javob berishga tayyorligini bildirdi.

Botir Qurbonov

«Yangi tartib Maxsus komissiya bilan kelishilgan» — SSV yangilikni qo‘llab-quvvatladi

Kun.uz ayni masalada SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov bilan ham suhbatda bo‘ldi.

«Bizda odamlarimizning antiseptiklardan foydalanishi yetarli darajada emas. Ya'ni avtobuslarda, metropolitenda antiseptiklar qo‘yilsa-da, 5-10 foizgina odam qo‘llarini zararsizlantirishi kuzatildi. Shuni e'tiborga olgan holda, davlat tomonidan bepul qo‘lqoplar berishga qaror qilindi.

Infeksiya nafaqat havo-tomchi yo‘llari, balki qo‘l bilan og‘iz-burun va ko‘zning shilliq qavatiga teginish orqali ham yuqishi mumkin. Qo‘lqop taqqan shaxs esa yuziga qo‘l tekkizmasligi, og‘iz-burun yoki ko‘zini ishqalamasligi, qolaversa, kasallikning «ochiq darvozalari»dan o‘zini asrashi ehtimoli yuqori.

Qo‘lqoplar narxi davlat tomonidan sotib olinishi 56 so‘mdan deb baholangan bo‘lsa, O‘zbekistonda har bir kasallangan fuqaromiz uchun 30 milliondan 60 milliongacha pul sarflanyapti. Ya'ni odamlarni kasallanishdan qancha himoya qilsak, davlat g‘aznasini shuncha iqtisod qilgan bo‘lamiz», – dedi Botir Qurbonov.

U JSST koronavirusdan himoyalanishda qo‘lqoplar foyda bermasligi haqidagi xulosasiga munosabat bildirdi.

«Qo‘lqoplardan to‘g‘ri foydalanilsa, albatta, foydali. Agar ertalabdan kechgacha qo‘lqopda yursa, bu zarar, bu orqali kishi kasallikni o‘ziga ham, boshqalarga ham yuqtirishi mumkin. Qo‘lqoplar tibbiyot xodimlari tomonidan tavsiya etilgan, bu foydali», – dedi u.

SEOX rasmiysi jamoat transportidagi mazkur tartib keyinchalik viloyatlarda ham joriy etilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

«Jamoat transportida qo‘lqoplardan foydalanish tartibi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi, Maxsus komissiya bilan kelishgan holda joriy etilgan», – dedi Botir Qurbonov.

SEOA rasmiysi bu tartibning nega aynan endi, hozirga kelib joriy etilgani yuzasidan izoh bera olmasligini ma'lum qildi.

Rasul Kusherbayev

«Bu qaror tavsiyaviy xarakterga ega. Chunki Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tmagan» Rasul Kusherbayev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ijro hokimiyatining bu xatti-harakatini ma'qullamasligini bildirdi.

«Qonunchiligimiz bo‘yicha har bir vazirlik va idoralar umummajburiy tusdagi qarorlar qabul qilishi mumkin. Lekin uning tartibi bor. Ya'ni Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Karantinga oid choralarni belgilash Maxsus komissiyaning vakolatiga kirar edi. Jamoat transportida qo‘lqoplarni majburiy taqib yurish bo‘yicha Maxsus komissiyaning qarori chiqmagan. Buni vazirlik joriy etmoqda. Lekin surishtirdik, bu Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Demak, buni tavsiyaviy xarakterga ega, deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi. Unga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik yo‘q.

Har bir harakat huquqiy asosga ega bo‘lishi kerak. Har xil vazirlik o‘zi xohlaganicha bunaqa qoidalarni ishlab chiqaversa, bu fuqarolar huquqiga putur yetkazishi mumkin.

Qonuniy asosga ega bo‘lmay turib qilinayotgan bunday ishlar yo monopoliya, yoki lobbizmdan darak beradi. Balki kimlardir foyda ko‘rmoqchi bo‘layotgan bo‘lishi ham mumkindir», – dedi Kusherbayev.

Hozircha yetkazuvchi tashkilotlarga qo‘lqoplarni qaysi ishlab chiqaruvchi yetkazib berayotgani noma'lum. Bu esa jamoatchilikda «maqsad – odamlar salomatligi» deb bong urayotgan mas'ullarning rostgo‘yligi va xolisligiga shubhalarni kuchaytirmoqda.

Mavzuga oid