Jahon | 22:18 / 23.10.2020
26689
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: KXDR hukumati aholini «Xitoydan kelayotgan xavfli sariq chang»dan ogohlantirdi

KXDR televideniyesi chorshanba kuni kechqurun mamlakat aholisiga qo‘shni Xitoy davlatidan shamol orqali sariq chang kirib kelishi munosabati bilan ko‘chaga kamroq chiqish bo‘yicha tavsiya berdi. Hukumat bu oqim orqali koronavirus ham yuqishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Foto: KCTV

Payshanba kuni Pxenyan ko‘chalari deyarli bo‘shab qoldi.

Shimoliy Koreya - Yer yuzidagi eng yopiq davlatlardan biri hisoblanadi. Ushbu davlat o‘z vaqtida chegaralarni yopgani va fuqarolar harakatini cheklagani tufayli Covid-19 kirib kelishiga yo‘l qo‘ymagani aytiladi. Mamlakatda yanvar oyidan buyon yuqori shaylik rejimi amalda bo‘lib turibdi.

Havodagi chang va koronavirus orasidagi bog‘liqlik haqida ilmiy dalillar mavjud emas.

Mintaqa uchun mavsumiy chang bo‘ronlari odatiy holat. Xitoy va Mo‘g‘ulistonga xos bo‘lgan sariq tuproq osonlik bilan mayda zarralarga ajraladi va shamol esgan vaqtda havoga ko‘tarilib, odamlarning ko‘z va burunlariga qum to‘ladi.

Osiyodagi yana bir davlat Turkmanistonda ham hukumat «zararli chang»dan himoya uchun aholiga niqob taqishga ko‘rsatma bergandi.

Taxminlarga ko‘ra, Turkmanistonda odamlar niqob taqishi sababi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq, ammo hukumat mamlakatga Covid-19 kirib kelmaganini aytishda davom etmoqda.

«Zararli virus hujumi»
KXDR markaziy televideniyesi chorshanba kuni yaqin kunlar uchun ob-havo prognozida chang bo‘roni haqida ogohlantirdi. Alohida farmoyish bilan mamlakatda ochiq osmon ostidagi barcha qurilish ishlari to‘xtatildi.

Shimoliy Koreyada ham, Janubiy Koreyada ham g‘arbdan keluvchi chang oqimini ko‘pincha Xitoy sanoat korxonalaridan chiquvchi zararli gazlar bilan adashtirib yuborishadi va «bu tabiat hodisasi» insonlar hayoti uchun xavf tug‘diradi.

Payshanba kuni Shimoliy Koreya Kompartiyasining asosiy organi «Nodon sinmun» barcha mehnatkashlarni chang buluti orqali keladigan virus hujumidan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Bunday ogohlantirish Pxenyandagi xorijiy elchixonalarga va xalqaro tashkilotlarning ofislariga ham yuborilgan.

Diplomatlarga imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik va derazalarni mahkam tambalash tavsiya qilingan. 

Chang bo‘roni Covid-19 tarqatishi mumkinmi?
Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari koronavirus havo yo‘l orqali tarqalishiga jiddiy e'tibor qaratish zarurligini uqtirmoqda.

Shimoliy Koreyadagilar koronavirusga jiddiy yondashadi. Pxenyandagi restoranlar shu tarzda zararsizlantiriladi

AQSh kasalliklarni nazorat qilish markazi ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus havoda bir necha soat davomida saqlanib turishi mumkin. Shu bilan birga, ayniqsa ochiq osmon ostida odamlar yoki yuzalar bilan kontaktda bo‘lmasdan virus yuqishi ehtimoli deyarli yo‘qligi aytiladi.

Covid-19 asosan kasallangan bemor bilan aloqa tufayli yuqadi, virus tarqatuvchi gapirganida, yo‘talganida va aksirganida kishi ko‘ziga ko‘rinmas tomchilar orqali virus yuqtiradi.

Janubiy Koreyadagi nashrlar ham Xitoydan keluvchi sariq qum koronavirus tarqatishi ehtimoli yo‘qligini yozmoqda.

KXDRda koronavirus yo‘qligi haqidagi rasmiy bayonotlarga qaramasdan, hukumat bu muammoga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Mamlakat rahbari Kim Chen In doimiy ravishda bu masala bo‘yicha yuqori darajada yig‘ilishlar o‘tkazib turadi va ijtimoiy masofa saqlash choralariga qat'iy amal qilishni talab qiladi.

Ekspertlar mamlakatda birorta ham bemor yo‘qligi haqidagi ma'lumotlarga ishonchsizlik bilan qarashadi.

Juma kuni Koreya yarimoroli osmoni chang bulutidan tozalandi, sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, dam olish kunlarida bulut bo‘lishi kutilmayapti.

Mavzuga oid