Iqtisodiyot | 09:50 / 18.11.2020
21719
2 daqiqa o‘qiladi

Hisob palatasi budjet tashkilotlari xodimlarining moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari qisqartirilishiga qarshi chiqdi

Hisob palatasining O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi va 2021 yil uchun Budjetnoma bo‘yicha xulosasi e'lon qilindi.

Foto: KUN.UZ

Xulosada aytilishicha Moliya vazirligi kiritgan loyihada O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasining ish haqi va boshqa to‘lovlar bo‘yicha budjet siyosatida:

- ta'lim muassasalaridan tashqari budjet tashkilotlarida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasidan to‘lovlarni 5 foizga;

- ta'lim muassasalarida ishlovchi xodimlarga direktor jamg‘armasidan to‘lanuvchi to‘lovlarni 4 foizga qisqartirish taklif qilingan.

Xulosada 2020 yilda budjet muassasalarida ishlovchi xodimlarning ish haqini indeksatsiyasi inflatsiya darajasidan (kutilayotgan inflatsiya miqdori 11,5 foiz) past miqdorda bo‘lganligi hamda ularning real daromadlari kamida 10 foizga kamayganligi inobatga olib, yuqoridagi qisqartirishlarni amalga oshirmaslik lozimligi aytiladi. 

Hisob palatasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shtat birliklarini 10 foizga qisqartirish natijasida maqbullashtiriladigan 550 mlrd so‘m va davlat maqsadli jamg‘armalariga ehtiyojga nisbatan ortiqcha berilayotgan 1 311,4 mlrd so‘m budjet transfertlarini budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirishni maqsadga muvofiq deb topgan.

Mavzuga oid