O‘zgarayotgan AOKA: U so‘z erkinligi va mustaqil matbuotga qanday ta'sir qilmoqda?
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tugatilib, tashkilot hukumat strukturasidan olinib, Prezident Administratsiyasi qoshida boshqatdan tashkil etilganda yangilanayotgan O‘zbekistondagi islohotlarni yoritishda bosh bo‘lsin, degan maqsad ko‘zlangan edi.
Komil Allamjonov agentlikka direktor etib tayinlangach, ajoyib, ko‘pchilikka manzur jamoa shakllandi. Allamjonov–Mirziyoyeva tandemi tomonidan jurnalist va blogerlarga, ular ko‘tarib chiqayotgan tashabbus va muammolarga e'tibor kuchaydi. Qalamkashlarni qo‘llab-quvvatlash boshlandi. Hattoki prezidentning mahalliy va xorijiy tashriflarida xususiy OAV vakillari ham ishtirok eta boshlashdi.
Joylardagi tartibsiz «snos»lar, maktab formalarini majburiy joriy etish, ayollar ro‘moli va shu kabi OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan, butun xalqni tashvishga solayotgan muammolar davlat rahbarining qulog‘iga yetkazildi. Xalq tashvishlari eshitildi, kerakli reaksiyalar bildirildi.
O‘shanda ham erkin fikr bildirishga qarshilar bor edi. Facebook ijtimoiy tarmog‘i bloklandi. Shunda ham ularning ta'siri bilan muammo bartaraf etildi.
Umuman, AOKA zamonaviy trendlardan chetda qolmayotgan edi. Agentlik sobiq direktorining «Bir yillik faoliyat haqida 2 daqiqada ulgurish» chellenjga qo‘shilganini yodga oling.
AOKA tomonidan amalga oshirilgan yana bir xayrli ish – barcha vazirlik, idora va davlat tashkilotlarida Axborot xizmatlari tashkil etilgani bo‘ldi. Axborot xizmatlari boshliqlari tashkilot rahbarining o‘rinbosariga tenglashtirildi, ularning maoshlari oshirildi, axborot xizmatlarining moddiy-texnika bazasi zamonaviylashtirildi. Ularning faoliyatini reyting asosida baholash yo‘lga qo‘yildi.
Jurnalist va blogerlar bilan turli seminarlar, matbuot anjumanlari va uchrashuvlar tashkil etila boshladi. O‘zbekiston va jahonning boshqa shaharlarida ham so‘z erkinligiga bag‘ishlangan konferensiyalar o‘tkazildi.
O‘z-o‘zidan, so‘z erkinligiga oid jahonning nufuzli reytinglarida sekin-asta ko‘tarilish boshlandi. Bu e'tirof amalga oshirilayotgan ishlar samara berayotganidan darak edi.
Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva 2020 yil 29 yanvarda AOKA rahbarligidan ketishdi. Ular hozir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondini boshqarishmoqda. O‘sha yerda ham Allamjonov jamoasi koronavirus pandemiyasi davrida o‘zining yangi loyihalari va axborot ko‘magi bilan yana mediamakonda paydo bo‘ldi.
Asadjon Xodjayev AOKAga direktor etib tayinlanganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. 29 iyul kuni uning tayinlangani e'lon qilindi. Ungacha agentlikni Dilshod Saidjonov vaqtincha boshqarib turdi.
Xodjayev qisqa vaqt ichida internet-nashrlar tahririyatlariga tahdidli ogohlantirish xatlari yuborgani bilan tillarga tushdi. Tahririyatlar ushbu xatlarga salbiy munosabatlarini bildirib chiqishdi, voqea jahon ommaviy axborot vositalari tiliga tushdi, yurtimizdagi diplomatik missiyalar vakillari ham buni yoqlamasliklarini ochiq aytishdi.
Ushbu ogohlantirish xatlaridan so‘ng AOKAning ijobiy imijidan asar ham qolmagandek, so‘ng qilingan ishlar abas ketgandek tuyulmoqda. Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi, OAV sohasidagi insonlar Eski O‘zbekiston hamda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi vaqtlarini eslay boshladi.
Hozirdan taxmin qilish mumkinki, ogohlantirish xatlari bilan bog‘liq rezonansli voqea so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rnimizga ta'sir qilmay qolmaydi.
Voqeadan ko‘p o‘tmay tashkil etilgan so‘z erkinligi mavzusidagi davra suhbati ham AOKA xatidan so‘ng paydo bo‘lgan rezonansga javob tariqasida tashkillashtirilgandek.
Davra suhbati davomida so‘z berilgan Asadjon Xodjayev shunda ham o‘zi sababchi bo‘lgan vaziyat — tahririyatlarga yuborilgan ogohlantirish xatlari yuzasidan to‘xtalib o‘tgani yoki tushuntirish bergani yo‘q.
Ko‘plab jurnalistlarning dilida tugilgan savollarga javob berilmasdan qolib ketdi.
O‘sha AOKA tomonidan berilgan ogohlantirish xatlariga sabab bo‘lgan maqolalarning yuzaga kelishida ham AOKA tizimidagi xodimlarning ham «hissa»si bor: matbuot xizmatlari jurnalistlar bilan hamkorlik qilishdan o‘zlarini tiya boshlashdi. Ma'lumotlar bilan bo‘lishmaslik, ularni yashirish, aloqaga chiqmaslik, jurnalistlarni mensimaslik orta boshladi.
Ko‘p uzoqqa bormaymiz. Jizzax viloyat hokimligi axborot xizmati o‘z saytida raddiya e'lon qilib, «Kun.uz sayti Jizzaxda qonuniy tartibda faoliyat yuritayotgan qurilish firmasi faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda», deb sarlavha qo‘ymoqda. Urgut tuman hokimligi axborot xizmati esa, tanqidiy maqolaga munosabat bildira turib, davlat ro‘yxatidan o‘tgan OAVni «Kun.uz ijtimoiy tarmog‘i», deb yozmoqda.
Holbuki, maqolalarda tahririyat a'zolari ochiq axborotlarni xolis tahlil qilishmoqda. Maqolalar noxolis ko‘rinayotganiga sabab – ularga surishtiruv davomida ma'lumot taqdim etmasdan, maqola e'lon qilingach ayuhannos solinmoqda.
Umuman, tanqidiy maqolalarni jurnalistlar rahbarlarga xusumat tufayli yoki odamlarni norozilikka chorlash uchun yozishayotgani yo‘q. Shunchaki, bor haqiqatlar ochilib, xulosa chiqarish, jamoatchilik nazoratini hosil qilish maqsadida odamlar e'tiboriga havola qilinmoqda. Mutasaddi rahbarlar insofga chaqirilmoqda. Qonunlarimiz, davlat rahbari va hukumat tomonidan belgilab berilgan chiziq bo‘yicha harakat qilish talab qilinmoqda.
Lekin tanqidga, ochiqlikka tobi yo‘q ayrim rahbarlar o‘zini davlat, tahririyatlar va jurnalistlarni personal dushman sifatida qabul qilayotgani ham taajjublanarli, ham xavotirli.
Muammolarni hal qilish o‘rniga yashirish, ularni xaspo‘shlash; ochiqlaganlarni jazolash va tahdid qilish, albatta, teskari samara beradi. Buni teran anglab yetish lozim.
Muammo esa chipqonga o‘xshaydi. Jurnalist chipqon chiqqani haqida xabar beradi, uni «davolab tuzatadiganlar» — mutasaddilar.
Chipqon davolanmasa, maddalashi aniq.
Uni ko‘rib qolib, barchani xabardor qilgan odamni jazolagandan, og‘zini yopgandan foyda yo‘q. Mana shu oddiy haqiqatni «yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsin» qabilida ish tutuvchi rahbarlar anglab olishsa, yaxshi bo‘lar edi.
Bu yo‘lda AOKA avvalgidek jurnalistlar tomonida bo‘lishini juda-juda istar edik. Shundoq ham bizni yomon ko‘rib, turli bosimlarga duchor qiluvchi nobop rahbarlar istagancha topiladi. Ularning safiga AOKA ham qo‘shilib qolishini hech bir qalamkash istamaydi.
Umuman olganda, jurnalistga erkin ijodi uchun davlat nazorati emas, davlat hamkorligi, uning qo‘llab-quvvatlovi kerak. Toki tahririyatlarga turli bosim, tahdid qo‘ng‘iroqlar bo‘lmasin.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti.
Mavzuga oid
16:28 / 20.12.2024
O‘zbekiston Interpol orqali Rasayev va Temirxanovni xalqaro qidiruvga berdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
22:07 / 03.12.2024
“Banditlar boshqargan ekan-da?” - Javlon Yunusovning Toshkentdagi qurilish loyihalaridan odamlar norozi
01:57 / 26.11.2024