Jamiyat | 13:06 / 17.12.2020
17000
11 daqiqa o‘qiladi

Yakkabog‘da nega yo‘lning himoya maydoniga kiruvchi joy auksionga chiqarib yuborildi?

Yakkabog‘ tumani Madaniyat mahalla fuqarolar yig‘ini Qo‘tonboy qishlog‘ida joylashgan 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasi auksionga chiqarilib, sotib yuborilgan. Ma'lum bo‘lishicha bu joy yo‘lning xavfsizlik mintaqasi (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) doirasiga kiradi. Qolaversa, agar bu joyda qurilish qilinadigan bo‘lsa, unda maktab oldidagi piyodalar yo‘lakchasi o‘rni to‘silib qoladi.

Kun.uz`ga navbatdagi murojaat Yakkabog‘ tuman «Madaniyat» MFY, Qo‘tonboy qishlog‘i aholisidan yo‘llandi. Unda ma'lum qilinishicha, tuman mutasaddilari tomonidan shu qishloqda joylashgan 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi joy qonunga zid tarzda auksionda sotib yuborilgan. 

«Tadbirkorga sotib yuborilgan yer maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi piyodalar yo‘lakchasining o‘rni hisoblanadi. Agar mazkur yerni sotib olgan tadbirkor qurilish qilsa, keyin nafaqat maktab o‘quvchilari, balki bu yerdan o‘tib qaytayotgan qishloq ahli ham ko‘chadan yurishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur yer yo‘lning qizil chizig‘ida joylashgan», — deyiladi murojaatda.

Mazkur murojaat yuzasidan eng avval tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi rahbari Qahramon Mahkamovdan izoh so‘radik va 51-maktab oldidagi yo‘l hamda uning himoya hududi haqida ma'lumot oldik. Uning ma'lum qilishicha, 51-maktab yonidan o‘tgan yo‘l ichki xo‘jalik yo‘li sifatida 5-toifaga kiradi. Vazirlar Mahkamasining 342-qaroriga ko‘ra bunday toifadagi yo‘llarning himoya maydoni (qizil chiziq) yo‘l o‘rtasidan hisoblanganda 15 metr bo‘lishi belgilangan. Murojaatchilar esa yo‘lning o‘rtasidan maktab hududini o‘rab turgan panjaragacha 15 metr chiqmasligini ma'lum qilishgan.

51-maktab hududiga tutash yo‘l yoqasidagi joy qaysi tashkilot tomonidan auksionga chiqarilgani xususida surishtiruvni davom ettirib, Viloyat «Yermulkkadastr» D.K. Yakkabog‘ filiali rahbari Uyg‘un Turdiyev bilan bog‘landik.

Uning aytishicha auksionga chiqariladigan yer maydonlari haqida tuman kadastr bo‘limi tomonidan taklif beriladi. O‘ndan ortiq tegishli soha mutaxassislari unga o‘z xulosasini beradi va shundan so‘ng yer auksionga chiqariladi. Mabodo bitta tashkilot rad etish haqida xulosa bersa ham o‘sha yer auksionga chiqarilmaydi. 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi yer maydoniga hech bir tegishli soha rad etish xulosasini bermagan va u auksionga chiqarilgan.

Uyg‘un Turdiyevning ma'lum qilishicha, 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasi u Yakkabog‘ tumaniga ishga o‘tmasidan avval tumanning avvalgi hokimi Abdirasul Safarov davrida auksionga qo‘yilgan. Takror savdo 2020 yil yozda o‘tkazilgan.

«51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi yer men bu tumanga ishga o‘tguncha, 2020 yil fevral oyida auksionga chiqarib yuborilgan. Ikkinchi savdoda yer sotilgandan so‘ng, mahalla ahli hokimiyatga bir necha marta murojaat qilgan va 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasida tadbirkorning qurilish qilishiga qarshi ekanligini bildirgan. Mazkur joyning qonunlarga zid tarzda auksionga chiqarilganini men mahalla ahli norozi bo‘lib kelganda bildim. Shundan so‘ng tuman hokimiga va Qo‘tonboy qishlog‘i joylashgan sektorga rahbarlik qiladigan IIB boshlig‘iga 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasi qonunlarga zid ravishda auksionga chiqarilganini va tadbirkorga boshqa joydan yer ajratib berilishi lozimligi haqida so‘rovnoma kiritganmiz», — deydi Uyg‘un Turdiyev.

Uyg‘un Turdiyevning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 342-qaroridan kelib chiqilsa tadbirkorga sotib yuborilgan 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasi auksionga noto‘g‘ri qo‘yilgan. Qizig‘i, «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan elektron onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi N YU 124-125405 raqamli bayonnomada Yer uchastkasiga tutash yer uchastkalarining (obektlarining) belgilangan maqsadi va turlari deyilgan joyda «Aholi punkti» bilan tutash deyilgan. Aslida esa savdoga qo‘yilgan yer maktab hududi va ko‘cha bilan tutash. Ammo bu haqda bayonnomada hech gap yo‘q.

Mazkur masala yuzasidan Yakkabog‘ tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Musurmonovdan ham izoh oldik. U tadbirkor 51-maktab yonidagi yerni auksiondan qonuniy tarzda sotib olganini, qo‘lida barcha hujjatlari borligini bildirdi. Uning aytishicha 1-2 nafar qo‘lidan hech bir ish kelmaydigan bekorchi, yurtimizning ravnaq topishiga hissa qo‘shmasdan, uyida yotib olib, qonuniy ishlayotgan tadbirkorning faoliyatiga to‘siq bo‘lishga urinyapti.

Hokim o‘rinbosari bilan telefon qo‘ng‘irog‘i orqali suhbatlashganimizda u juda qizishib ketdi va «uyida yotib, qonuniy ishlayotgan tadbirkorni ko‘ra olmayotgan bekorchilarning o‘zini bir tekshirib ko‘rish kerak»ligini bildirdi. Hokim o‘rinbosari «tekshirib ko‘rish kerak» deganda nimani nazarda tutdi, buni ochiqlamadi.

Shuhrat Musurmonov avvaliga 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi yer maktab hududiga kirmasligini, maktabda 3 gektar yer borligini va mazkur joy maktabga kelajakda ham kerak bo‘lmasligini bildirdi. Unga Vazirlar Mahkamasining 342-qarori haqida eslatib, shu qarorga ko‘ra auksionga qo‘yilgan yer aslida shu joydan o‘tgan ko‘chaning himoya maydoniga (qizil chiziq) kirishini aytganimizda, u ko‘chaning narigi tarafida yashayotgan xonadon ham o‘z devorini ko‘chaning yoqasidan ko‘targanini aytdi. Undan, ko‘chaning narigi tarafida yashayotgan xonadon o‘z devorini ko‘cha chetidan ko‘targani, mutasaddi tashkilotlarga ko‘chaning bu tarafidagi yerni qonunlarga zid tarzda auksionga chiqarib yuborishiga asos bo‘la oladimi deb savol berganimizda qo‘ng‘iroqni uzib qo‘ydi.

51-maktab direktori Abror To‘xtayev bu joyning auksionda sotilib ketgani xususida boshqacha fikrda. Uning aytishicha, maktabga tegishli hudud hokim o‘rinbosari aytganday 3 gektar emas, bor yo‘g‘i 1 gektar 12 sotixni tashkil etadi. U hozir tadbirkor qurilish boshlagan joy piyodalar yo‘lakchasi qilinib qo‘yilishi va daraxt ekib yashil zona qilinishi tarafdori. U mazkur joy ko‘chaning himoya maydoniga kirmagan taqdirda ham kelajakda maktabning o‘zi uchun asqotib qolishini, shuning uchun bu qurilishga qarshi bo‘layotganini bildirdi.

Maktab hududining chizmasi

Surishtiruv so‘ngida mazkur joyni auksiondan sotib olgan tadbirkor Nuriddin Qiyomov bilan suhbatlashdik. Tadbirkorning aytishicha, joriy yil yozda u tasodifan maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi yer auksionga chiqarilganini bilib qolgan. Shundan so‘ng savdoda qatnashib yutgan va yerni sotib olgan.

«Mazkur joyni sotib olganimdan so‘ng bu yer avval ham bir marta savdoga chiqarilganini va xaridor bo‘lmagani uchun sotilmay qolganini bildim. Men savdoda qatnashayotganimda bu yerning ko‘chaning himoya hududiga kirishini mutlaqo bilmaganman. Auksionga hujjatlari noto‘g‘ri yoki noqonuniy joyni savdoga chiqarishmaydi deb o‘ylaganman va unda qatnashganman. Qishlog‘imiz aholi soni bo‘yicha tumanda ikkinchi o‘rinda turadi. Non mahsulotlariga yetarlicha ehtiyoj borligi uchun bu yerda zamonaviy novvoyxona qurishni rejalashtirganman.

Auksionda yer uchun pul to‘ladim, bu yerda ariq bor edi, unga quvur tashladim, poydevor quydim, jami 30 milliondan oshiq mablag‘im ketdi. Agar bu joy auksionga noto‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lsa, sarflagan pulimni kim to‘laydi? Shuning uchun men oxirigacha boraman va bu yerni mendan kim bo‘lsa ham sudga berib, yutib chiqsa qaytarib olishi mumkin. Ungacha qo‘limda barcha hujjatlarim bor, bu yer meniki va qurilishni davom ettiraman», — deydi tadbirkor.

Unga «shu joyni yutib olish uchun auksionda qatnashayotganingizda yer ko‘chaning himoya hududiga kirishi yoki piyodalar yo‘lakchasi o‘rni ekanligini bilmaganmidingiz?» deb savol berganimizda, u bularni bilmaganini aytdi.

Tadbirkorning ma'lum qilishicha, u qurishni reja qilayotgan novvoyxona binosining eni 6 metr. Novvoyxona uchun tashlangan poydevordan ko‘cha chetigacha yana 6 metr joy bor. Ko‘cha o‘rtasigacha esa 8 metr. Ya'ni ko‘cha o‘rtasidan maktab hududigacha jami 14 metr. Yer uchastkasining kartochkasidagi ma'lumotda ham avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan masofa 12 metrligi ko‘rsatilgan.

Nuriddin Qiyomovning ma'lum qilishicha, u bu joyni auksionda yutib olgandan so‘ng mahallada shu joyni ko‘z ostiga olib yurganlar unga qarshi turli joylarga murojaat qilyapti va uning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilyapti. Olgan yeri ko‘chaning himoya maydoniga kirishi esa uning aybi emas. U qonuniy tarzda auksionda qatnashgan va yerni sotib olgan.

Tadbirkor bu masalada haq. Ammo shu joyni auksionga chiqarib yuborganlar bu muammoni hech kimga zarar yetmaydigan tarzda qanday yechadi, bunisini vaqt ko‘rsatadi.

Mavzuga oid