O‘zbekiston | 22:02 / 21.12.2020
33467
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahri prokurori ustidan xizmat tekshiruvi natijalari ma'lum qilindi. Unga hayfsan berilgan

Jasur Fozilovga bosh prokuror buyrug‘i bilan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llandi. Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, u muqobil tekshiruvlar bekor qilinganiga qaramay, jinoiy ishga aloqasi bo‘lmagan shaxslarni tergovga majburiy jalb etmoqchi bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov ustidan tayinlangan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha ma'lumot berdi.

Xizmat tekshiruvi tayinlanishiga Buxoro shahridagi tadbirkorning Fozilov ustidan yozgan shikoyat arizasi sabab bo‘lgan. Tekshiruv xolis o‘tishini ta'minlash maqsadida prokuror 2 dekabr kuni o‘z vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlashtirilgan edi.

«Xizmat tekshiruvi yakunlangani munosabati bilan Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan J.Fozilov joriy yil 19 dekabrdan xizmat vazifalarini bajarishga kirishdi.

Xizmat tekshiruvida J.Fozilov o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, o‘zi rahbarlik qilayotgan prokuratura ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishining tergovi ustidan nazoratni ta'minlamagani, amaldagi qonunchilik bilan muqobil tekshiruvlar bekor qilingan bo‘lsa-da, jinoyat ishiga aloqasi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar mansabdor shaxslarini tergovga jalb qilib, so‘roq qilish orqali muqobil tekshirish, shuningdek, asossiz ravishda tadbirkorni chaqirtirish va majburiy keltirish haqida qo‘l ostidagi tergovchiga topshiriq bergani aniqlandi.

Shularga ko‘ra, bosh prokurorning 21.12.2020 yildagi buyrug‘i bilan, Buxoro shahar prokurori J.Fozilovga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi», deyiladi Bosh prokuraturaning 21 dekabrdagi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Jasur Fozilov 11 dekabrdan boshlab bir necha bor ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaatlar bilan chiqish qilgan edi.

U prezident va Prezident Administratsiyasi rahbariga yo‘llagan murojaatida, «Mustahkam Qurilish Development» kompaniyasi vakillarini so‘roq qilishga chaqirgach, ustidan tekshiruv boshlangani, bunga sabab esa ushbu kompaniya vakillari go‘yoki bosh prokuror bilan aloqadorligi haqida aytgandi.

Buxoro shahri prokurorining da'volari yuzasidan 14 dekabr kuni Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Fozilov 20 dekabr kungi murojaatida ushbu komissiya adolatli qaror qabul qilganini aytib, buning uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi.

«Mening ustimdan arizani uyushtirgan tadbirkorlar ham bosh prokuror nomidan foydalanib kelayotganliklari komissiya a'zolari tomonidan aniqlangan», – dedi Fozilov.

Prokurorning aytishicha, komissiya masala yuzasidan ayrim holatlarga fuqarolik sudida aniqlik kiritish to‘g‘risida xulosa chiqargan. Jasur Fozilov ayni paytda o‘z lavozimiga tiklangan.

Komissiya xulosasi haqida hozircha ma'lumot berilmadi. U tuzilganida tekshirish natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berilishi aytilgandi.

Mavzuga oid