O‘zbekiston | 22:28 / 29.12.2020
10413
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 34 ta korxona Rossiyaga pomidor eksport qilish huquqiga ega bo‘ldi

«Rosselxoznadzor» Qashqadaryo va Navoiydagi korxonalarga pomidor eksport qilish huquqini tikladi.

Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati 2021 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston hukumati huzuridagi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi kafolati ostidagi 34 ta kompaniyaga pomidorlarni Rossiyaga eksport qilishga rozilik berdi. Bu haqda «Rosselxoznadzor» rasmiy saytiga ma'lumot joylashtirilgan.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston tomoni 34 ta korxona mahsulotlari «Tomato brown rugose fruit virus», ya'ni pomidorning jigarrang burishish virusidan xoli ekanini tasdiqlagandan so‘ng,  «Rosselxoznadzor» taqiqlarni yumshatgan.

Eksport huquqi tiklangan korxonalarning barchasi Qashqadaryo va Navoiyda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

«Rosselxoznadzor» joriy yilning 18 dekabridan boshlab Farg‘ona viloyatida joylashgan 7 ta korxonadan pomidor va qalampir mahsulotlarida 2020 yilda YeOII davlatlari uchun karantin obektlar va pomidor jigarrang bujmayishi virusi aniqlanmaganligi tufayli ushbu korxonalardan Rossiya hududiga mazkur mahsulotlarni olib kirishga ruxsat bergandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan chorvachilik mahsulotlari, xususan, termik ishlovdan o‘tgan tayyor go‘sht va sut mahsulotlari hamda xomashyolarining Rossiyaga eksporti uchun yo‘l ochildi.

Avvalroq, «Rosselxoznadzor» 9 dekabr kuni rasmiy veb-saytida O‘zbekistonning «Sunny land export» kompaniyasi tomonidan eksport qilingan mahsulot tarkibida «Tomato brown rugose fruit virus» aniqlangani vaji bilan Navoiy va Qashqadaryodan pomidor importiga taqiq joriy etgandi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidan eksport qilingan bulg‘or qalampiri va pomidor tarkibida zararkunanda topilgani vaji bilan ushbu hududdan ayni mahsulotlarni import qilishga taqiq qo‘yilgandi.  

Mavzuga oid