O‘zbekiston | 21:48 / 06.01.2021
25308
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatiga tegishli yana bir avtoraqam onlayn auksionda 250 million 875 ming so‘mga sotildi

Bugun, 6 yanvar kuni avtoraqamlar onlayn-auksionida Samarqand viloyatiga tegishli avtoraqamlardan biri 250 mln 875 ming so‘mga sotildi.

Chiroyli avtoraqamlar onlayn-auksioni o‘tkaziladigan avtoraqam.uzex.uz saytida bugun Samarqand viloyatiga tegishli 30 O 010 OO avtoraqami 250 million 875 ming so‘mga sotildi. Mazkur avtoraqamga 66 million 900 ming so‘m boshlang‘ich narx belgilangan edi. Xaridorlar uning narxini 4 barobar oshirib yuborishdi. Uni sotib olgan xaridor vositachilik yig‘imi uchun qariyb 10 million so‘m to‘laydi.

Bundan ikki kun avval, 4 yanvar kuni o‘tkazilgan savdolardan birida Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lgan 30 Z 777 ZZ avtoraqami rekord narxda sotilgan edi. O‘sha kuni xaridorlardan biri mazkur avtoraqamni 596 million 525 ming so‘mga sotib oldi. Qayd etilishicha, mazkur avtoraqamning boshlang‘ich narxi 111 million 500 ming so‘m bo‘lgan. Savdo jarayonida xaridorlar tomonidan uning narxi 100 martadan oshiqroq ko‘tarilgan. Mazkur savdoda qayd etilgan narx mamlakatimizda savdoga chiqarilgan avtoraqamlar orasida qayd etilgan avvalgi rekordni yangiladi.

Avtoraqamlarning ilk onlayn-auksioni 2017 yil 14 sentyabr kuni o‘tkazilgan va o‘shanda soat 15:24 da Jizzax viloyatida yashovchi shaxs 7.563.637,5 so‘m (o‘sha paytdagi kursda 934 dollar bo‘lgan) ga 25 E 070 EA raqamini xarid qilgan.

Keyinchalik xaridorlar avtoraqamlarni ancha baland narxlarda sotib ola boshlashdi. 4 yanvargacha onlayn-auksionda sotilgan eng qimmat raqam — 30 777 AAA hisoblanar edi. 2017 yilning 1 noyabr kuni Samarqandda istiqomat qiluvchi tadbirkor uni 287 million so‘mga (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 35.500 dollar bo‘lgan) sotib olgan. O‘shanda mazkur avtoraqamning boshlang‘ich bahosi 14.977.500 so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 1 873 dollar bo‘lgan) edi va auksion savdo jarayonlarida narx 20 barobarga o‘sgan.

Bugun 250 million 875 ming so‘mga sotilgan avtoraqam O‘zbekistonda sotilgan avtoraqamlar orasida narx borasida uchinchi o‘rinni egallaydi. Undan yuqori narxga baholangan ikkita avtoraqam ham Samarqand viloyatiga tegishli hisoblanadi.

Mavzuga oid