Jahon | 21:55 / 13.01.2021
4089
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda koronavirusga qarshi mahalliy vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi    

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi mahalliy vaksina QazCOVID-in’ni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazdi.     

Foto: rostec.ru

Vaksina 2020 yil 31 dekabrda 9 oyga ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Nurlibek Asilbekovning ma'lum qilishicha, yaqin orada Rossiyada ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasini vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda

Hozirda QazCOVID-in vaksinasi klinik sinovlarning yakuniy 3-bosqichidan o‘tmoqda. Qozog‘istonda dekabrda vaksinaning 3-bosqichi doirasida ilk 3 ming ko‘ngillining emlanishi boshlangan. Vaksinani mart o‘rtalaridan ommaviy ravishda ishlab chiqarish rejalashtirilgan.  

Vaksina Biologik xavfsizlik muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘yxatiga kiritilgan.  

2020 yil dekabrda Qarag‘andadagi farmatsevtika majmuasi negizida Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasining ishlab chiqarilishi boshlangan. Majmuada ushbu vaksinadan bosqichma-bosqich 2 mln doza ishlab chiqarish hamda 2021 yil fevraldan u bilan aholini ixtiyoriy ravishda ommaviy emlashni boshlash rejalashtirilgan.    

Mavzuga oid