O‘zbekiston | 11:28 / 22.01.2021
22349
2 daqiqa o‘qiladi

Botir Zaripov: «Bu men uchun bir sinov, bildirilgan ishonch»

Davlat rahbari 22 yanvar kuni Buxoro viloyati xalq deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasida qatnashdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi, prezident Botir Zaripov nomzodini Buxoro viloyati hokimi vazifasiga tavsiya qildi. Deputatlar bu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. 

“Hurmatli prezident, deputatlar, meni bu yuksak lavozimga tayinlaganingizdan minnatdorman. Men yaxshi tushunaman - bu men uchun bir sinov, bildirilgan ishonch. Muhtaram prezident, siz bizga aniq vazifalarni belgilab berdingiz. Buxoro viloyatining salohiyatini, ochilmagan imkoniyatlarini ko‘rsatdingiz. Sizga va'da beraman, men bu ishonchni oqlayman”, – deya viloyat hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

“Hozir sizga katta mas'uliyat yuklanyapti. Juda ko‘pchilik bizni kuzatib turibdi, bu davlat, bu millat shu sinovlardan chiqib keta olarmikan, deb. Barcha mutasaddilar siz bilan tun-u kun ishlaydi. Buxoroning vafot etgan ikki hokimini yaxshi nom bilan eslaymiz. O‘ktam Barnoyev ham, Karim Kamolov ham Buxoroning asl farzandlari edi, shu yurtni yaxshi ko‘rardi. Shularga munosib bo‘lishingiz kerak.

Hamma sharoit bor, har taraflama qo‘llab-quvvatlayman. Prezident obro‘yi ham sizning timsolingizda. Men o‘zim ham hokim bo‘lib ishlaganman, lekin bizda bunday vakolatlar yo‘q edi. Xalq sizdan qancha rozi bo‘lsa, men ham shuncha xursandman”, – dedi davlat rahbari hokimga qarata.

Mavzuga oid