Iqtisodiyot | 15:38 / 24.01.2021
18102
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim tovarlarning narxlarini chet el valutalariga bog‘lash mumkin bo‘ldi

Prezident qarorlaridagi DXShlar va hukumat orqali kirib kelgan investitsiya loyihalariga o‘z mahsulot va xizmatlari narxini xorij valutasiga bog‘lab qo‘yishga ruxsat berildi.

Foto: RIA Novosti

22 yanvar kuni imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, prezident qarorlari asosida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar va hukumat orqali jalb etilgan chet el investitsiyalari loyihalari bo‘yicha O‘zbekistonda realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishi mumkin.

Ilgari bunday tartib yo‘q edi.

Yangi qonunda belgilanishicha, konsessiyalar bilan bog‘liq munosabatlar «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. Konsessiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish DXSh loyihalari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Konsessiya – chet ellik investorga xo‘jalik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma. Bunda davlat chet ellik investorga konsessiya shartnomasi tuzish asosida mol-mulk, yer va yer osti uchastkalarini topshiradi.

Endilikda faqatgina qiymati 1 million dollardan ortiq loyihalarning tender hujjatlari va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarning loyihalari kelishiladi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalariga oid ma'lumotlarning e'lon qilinadigan qismi aniqlashtirildi.

Xususan, bunda quyidagi ma'lumotlar rasmiy veb-saytlarga joylashtiriladi:

  • loyiha taraflarining nomi;
  • loyihaning faoliyat yo‘nalishi;
  • loyihaning joylashgan yeri;
  • loyihani amalga oshirish muddati;
  • iste'molchilarga realizatsiya qilinadigan tovarlarning;
  • loyihaning umumiy qiymati;
  • davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi va turlari.

Kiritilgan qo‘shimchalar bilan mahalliy ijro organlarining DXSh sohasidagi vakolatlari ham belgilandi.

Mavzuga oid