«Senariy»mi yoki «ssenariy»? — «ц» tovushli so‘zlar imlosi
O‘zbek-lotin alifbosidagi matnlarda ko‘p uchraydigan xatolar o‘zbeklarga xos bo‘lmagan «ц» harfi bilan bog‘liq. Filologiya fanlari nomzodi, lug‘atshunos Ravshan Jomonov «ц» tovushli so‘zlar imlosi haqida batafsil maʼlumot berdi.
1940-yilda joriy qilingan kirill alifbosi orqali o‘zbek tiliga «ц» degan tovush kirib kelgan. O‘shandan buyon bu harfni kirill yozuvida qo‘llay boshladik.
1993-yilga kelib o‘zbek lotin alifbosining joriy etilishi bilan mazkur harfni qanday ifodalash masalasi kelib chiqdi. 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan o‘zbek lotin alifbosida «ц» o‘rniga «c» belgisi qabul qilindi. 1995 yilgi o‘zgartirishlardan so‘ng mazkur harf o‘zbek lotin alifbosidan chiqarib tashlandi.
Xo‘sh, buning sabablari nima? Birinchidan, «ц» tovushi o‘zbek tiliga xos tovush emas, chunki «ц» deganda «t» va «s» tovushlarini ajratibroq talaffuz etamiz. «Ц» esa qorishiq tovush hisoblanadi. Ikkinchidan, bu harfni ifodalash uchun «t» va «s» harflaridan foydalanish mumkin. Shundan kelib chiqib, 95-yilgi variantdan boshlab «ц»ni lotin yozuvida 2 xil usulda yoza boshladik.
Birinchisi, «s» harfi bilan. Agar «ц» so‘z boshida va oxirida kelsa, shuningdek, so‘z o‘rtasida undosh tovushdan keyin kelsa, «s» bilan yozish mumkin. Bunda o‘zbeklar nutqiga xos talaffuz yuzaga keladi. Masalan,
- Циркуль – sirkul, цирк – sirk;
- герц – gers, абзац – abzas;
- акция – aksiya, концерт – konsert kabi.
Ikkinchisi, «ц» harfi so‘z o‘rtasida ikki unli tovush orasida kelsa, «ts» shaklida o‘girish kerak. Masalan, доцент – dotsent, акация – akatsiya, конституция – konstitutsiya kabi. Bu o‘rinda kirill va lotin o‘rtasida muvofiqlik bor.
Shu bilan birga, istisno holatlar borki, buni ham ko‘rib chiqish kerak. Masalan,
- Антициклон – antisiklon, эпицентр – episentr, геоцентрик – geosentrik.
Ushbu misollardagi «ц» ikki unli orasida turgandek ko‘rinadi, lekin bu yerda nozik bir narsa bor. Bu so‘zlarning o‘zagiga eʼtibor qilinsa, «циклон», «центр», «центрик» – so‘zlarning o‘zagi, «анти», «эпи» ва «гео» esa old qo‘shimcha, yaʼni prefiks deb qaraladi. Shuning uchun bu o‘rinlarda «ц»ni ikki unli orasidagi emas, balki so‘z boshidagi deb qarash kerak.
- сценарий – senariy;
Bu so‘zning imlosi alohida ahamiyatga ega. Chunki kirill yozuvida rus tilidagi shaklni to‘liq ko‘chirib olganmiz. Uni lotin yozuvida ko‘pincha «ssenariy» tarzida xato yozamiz. Vaholanki, birgina «s» bilan yozish kifoya. Bu bilan o‘zbekona talaffuzni saqlab qolamiz va noo‘ng‘ay talaffuzdan qutulamiz.
Biz o‘zbeklar odatda yozilganiday o‘qiydigan xalqmiz. Bu kabi so‘zlar shaklan emas, balki talaffuzga muvofiq yoziladi.
- пицца – pitsa.
Tilga yangi so‘zlar doim kirib keladi, o‘zlashadi, baʼzisi esa chiqib ketadi. Shulardan biri — пицца. Italyan va boshqa yevropa tillarida boshqa shaklga ega. Biz rus tili orqali qabul qilganimiz sababli kirill yozuvida ikkita «цц» bilan yozamiz. Lekin talaffuzda «ts» deb aytamiz. Shunday ekan, o‘zbek lotin alifbosida birgina «t» va «s» bilan yozish kifoya: pitsa.
Bu kabi so‘zlar ona tilimizga istasak-istamasak kirib kelaveradi. Faqat ularning talaffuzga mos va qoidalarga to‘g‘ri shaklini yozishimiz kerak.
Yigitali Mahmudov tayyorladi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov
Mavzuga oid
12:59 / 27.09.2023
Lotin yozuvini takomillashtirish: muammoli 4 ta harf nega o‘zgartirilmoqda?
22:11 / 25.09.2023
Ortiqchasi ortiqcha. O‘ va G‘ harflarini tuzatishning o‘zi kifoya
18:51 / 29.05.2023
Turkiy xalqlarning o‘xshash alifbosini qabul qilish taklif etildi
21:52 / 19.04.2023