O‘zbekiston | 18:57 / 27.01.2021
9364
4 daqiqa o‘qiladi

Antimonopoliya qo‘mitasi Xorazmdagi mashinalar texnik ko‘rigi masalasini o‘rganmoqda

Xorazm viloyatida avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish vakolati tadbirkorlarga o‘tkazilganidan so‘ng, narxlar qariyb 3 barobar oshgani haqidagi maqoladan so‘ng, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi holatni o‘rganishni boshladi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Umidbek Qalandarov avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish masalasida o‘rganish boshlanganini ma'lum qildi.

«Texnik ko‘rikning faqat bir korxona tomonidan o‘tkazilishi raqobat to‘g‘risidagi qonun talablariga zid hisoblanadi. Biz bu holatni o‘rganishni boshladik. Texnik ko‘rikni xususiy tadbirkorlarga o‘tkazish haqidagi hukumat qarori xalq muhokamasiga qo‘yilmagan», – dedi u.

Joriy yil 1 yanvardan Xorazmda transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik sub'yektlariga topshirilgani ortidan birinchi navbatda texnik ko‘rikdan o‘tish narxi keskin oshdi. Misol uchun, qonunchilikda DYHXX (Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati) organlari tomonidan texnik ko‘rik xizmati uchun olinadigan qiymat 22,3 ming so‘m qilib belgilangan. Xorazm viloyatidagi tadbirkorlik sub'yektlari esa texnik ko‘rikdan o‘tkazish qiymatini 60-65 ming so‘m miqdorida belgilagan, ya'ni narx qariyb 3 barobar oshdi.

Ammo, texnik ko‘rikdan o‘tkazish faqat tadbirkorlik sub'yektlariga yuklatilmagan. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 31 yanvardagi 54-sonli qarori bilan qabul qilingan «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning 2-bandida haydovchilar texnik ko‘rikdan 3ta joyda o‘tishi mumkinligi belgilangan.

«Bunda jismoniy shaxslar — M1 toifadagi (yengil) transport vositalari egalari o‘z transport vositasining texnik holati va uskunalari muvofiqligini baholash uchun o‘z tanloviga ko‘ra, DYHXX organlari, TXS (texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari) yoki (tadbirkorlik) sub'yektlarga murojaat qilishlari mumkin» ekani belgilangan (qavs ichidagi izohlar Kun.uz’niki).

Hozirgi vaqtda Urganch shahri va Urganch tumanida istiqomat qiluvchi haydovchilarning transport vositalari «AVTO TRANS SER» MChJ tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Bu korxona Urganch shahri va Urganch tumani YHXB binosiga tutash hududda joylashgan hamda M1 toifadagi yengil avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish narxini 65 ming so‘m etib belgilagan.

Internetdagi ochiq manbalarga ko‘ra, «AVTO TRANS SER» MChJ ta'sischilari ro‘yxatidan o‘rin olgan Sherliyev Adilbek Atabekovich IIV YHXXBning Imtihon va ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlovchi podpolkovnik Sherliyev Murodbek Atabekovichning yaqin qarindoshi, ya'ni tug‘ishgan akasi hisoblanadi.

YHXB organlari nima uchun texnik ko‘rikdan o‘tkazishni to‘xtatib qo‘ygani, qonun bo‘yicha ularda ham bunday huquq borligi, bu haydovchilar uchun ancha arzon va qulay bo‘lishi haqidagi savollarga Xorazm viloyati YHXB mansabdor shaxslari javob bermagan.

Mavzuga oid