O‘zbekiston | 16:26 / 10.02.2021
7142
2 daqiqa o‘qiladi

IKEA brendi ostida Toshkent viloyatida mebel fabrikasi qurilishi mumkin

Chirchiqda qurilishi rejalashtirilgan fabrika loyihasining umumiy qiymati 52 million dollar bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: YeRA/TASS

Mebel va uy jihozlari ishlab chiqarish hamda sotish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri – IKEA Toshkent viloyatida innovatsion mebel ishlab chiqarish fabrikasini quradi. Bu viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalar dasturida belgilangan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yangi zavod yer maydoni 5,5 gektarni egallashi, uning yillik mebel ishlab chiqarish quvvati 3,2 ming donani, mahsulot qiymati esa 17 million dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 52 million dollar bo‘lib, uning qariyb 42 millioni xorijiy investitsiya hisobiga to‘g‘ri keladi. Fabrika ochilgach, 320 ta yangi ish o‘rni yaratilishi reja qilingan. Loyihaning ishga tushish muddati 22 oy qilib ko‘rsatilgan.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgani xabar qilingandi. Taqdimotda Toshkent viloyatida bu yil umumiy qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan 355ta loyiha ishga tushirilishi reja qilingani qayd etilgan. Shuningdek, 187ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgani aytilgan.

Mavzuga oid