O‘zbekiston | 14:10 / 11.02.2021
13358
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida yana bir tumanga yangi hokim tayinlandi

Xalq deputatlari Andijon tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, sessiyada Andijon tumani hokimi lavozimiga Abdujabbor Egamberdiyev tayinlandi.

Abdujabbor Egamberdiyev 1974 yilda Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 1998 yilda Andijon qishloq xo‘jaligi institutining kunduzgi bo‘limini tamomlagan.

U 1998-2007 yillarda Ulug‘nor tumani Davlat soliq inspeksiyasi inspektori, hisobotlar qabul qilish shu'basi katta inspektori, huquqiy shaxslarni soliqqa tortish bo‘limi boshlig‘i, boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2007-2009 yillarda Bo‘z tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 2009-2011 yillarda Ulug‘nor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 2011-2012 yillarda Qo‘rg‘ontepa tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 2012-2013 yillarda Andijon shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lgan.

Abdujabbor Egamberdiyev 2013 yildan Andijon viloyati hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ish boshlagan. Keyinroq bu lavozim bir necha marta o‘zgargan - u 2016-2017 yillarda Andijon viloyati hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2017-2019 yillarda Andijon viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2019-2020 yillarda Andijon viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2020 yildan  Andijon viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.

Bugun u viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, uning o‘rnini shu vaqtgacha Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Otabek Tursunov egalladi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon tumanini 2012 yildan Ulug‘bek Isomiddinov boshqargan, 2020 yil aprelida u vazifasidan ozod etilgani xabar qilingandi, ammo hozirgacha bu haqda rasman xabar berilmagandi.

Mavzuga oid