«Men ogohlantirmay borgan mahalla 80-yillarda qolib ketgan» – prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilgi davlat dasturida rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda o‘zining Farg‘ona viloyatiga tashrifi taassurotlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
«Odamlar ura-uralardan, qog‘ozlardagi balandparvoz gaplardan charchagan. Men Farg‘onadan juda xafa bo‘lib qaytdim. O‘zim ogohlantirmay borgan «Shodiyona» mahallasi 80-yillarda qolib ketgan. Atrof qarovsiz, ko‘chalarda chiqindilar...
Nega shahar hokimi o‘zini qiynamaydi? Nega mutasaddilar bu narsalarni o‘ylamaydilar?!
Bizda nazorat tizimi yo‘q. Nega soliq qo‘mitasi rahbari Kudbiyev, Ichki ishlar vaziri Bobojonov pastga tushib hududlarda ishlamaydi? Nega sizlar Xudaybergenovga (prezident maslahatchisi) o‘xshab qog‘ozda emas, amalda natija ko‘rsatmaysizlar?» degan savollarni qo‘ygan prezident.
Davlat rahbari Toshkent viloyati hokimi hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri ishdan olingani, bu faqat boshlanishi ekanligini yana bir bor eslatdi. Shuningdek, vazirlar tez orada yangicha tizim asosida ishlashini ma'lum qildi.
«Vazirlar dushanba kuni bosh vazirga hisobotlarini beradi, yangi ish rejasini tuzib oladi va viloyatlarga jo‘naydi. Faqat shanba va yakshanba kunlari Toshkentda bo‘lishadi. Dushanbadan yana hududlarga borishadi. Agar hafta o‘rtasida birorta vazirni poytaxtda ko‘rsam ishdan olaman. Hamma jon kuydirib ishlashi kerak», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Tadbir davomida davlat rahbari bundan buyon qaysi mahallaga tashrif buyurishini oldindan hech kim bilmasligi haqida aytib o‘tgandi.
- Eslatib o‘tamiz, 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga safari davomida prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga oldindan rejalashtirilmagan holda tashrif buyurdi. Mahallaga tashrif yakunida prezident sektor rahbarlari faoliyatidan qoniqish bildirmagan va shahar hokimi, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda soliq inspeksiyasi rahbari o‘z lavozimlaridan ozod etilgandi.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024