Jahongir Obidjonov - ASKUEdan shikoyatlar va tizim qachon to‘la ishga tushishi haqida
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida aholining ASKUE tizimiga doir shikoyatlari yuzasidan batafsil izoh berdi.
O‘zbekistonda ASKUE, ya’ni elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tish boshlanganidan buyon bu boradagi muammolar ko‘plab iste’molchilar e’tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda.
To‘lov qilinsa-da, elektr energiyasini uzatish vaqtida tiklanmayotgani, oldindan to‘lov qilingach, hisobdagi mablag‘ tez tugab qolayotgani haqida jumladan Kun.uz'ga ham murojaatlar kelishda davom etmoqda. Biz ayni muammolar yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov bilan suhbatlashdik.
– Hisobida pul tugagan iste’molchilar avtomatik tarmoqdan uzib qo‘yilmoqda va yoqish uchun pul to‘langanida, avtomatik ravishda tarmoqqa qayta ulanmayotgani haqida hamon shikoyatlar yetarlicha. Bu muammo qachon to‘liq yechim topadi?
– Bu savol iste’molchilar tomonidan juda ko‘p berilyapti. Qisqacha qilib aytganda, bugungi kunda butun respublika bo‘yicha 6 million 90 mingtaga yaqin hisoblagich o‘rnatildi. Bu – qariyb 82 foiz iste’molchi qamrab olindi degani. Rejaga asosan, mamlakatda jami 7 million 400 mingtaga yaqin hisoblagich o‘rnatishimiz kerak.
Hozirgacha o‘rnatilgan hisoblagichlarning 3 million 600 mingtadan ortig‘i billing tizimiga ulangan. Ya’ni shuncha hisoblagichni o‘chirib-yoqish imkoniyatimiz bor.
Albatta, qarzdorlikka kirganidan keyin bu tizim elektrni avtomatik tarzda o‘chiradi. To‘lov qilingach, ma’lum muddatdan keyin avtomat (dastur)ning o‘zi yoqib beradi. O‘chganidan keyin tez yoqilmayotganiga kelsak, hurmatli iste’molchilarimiz yaxshi bilishlari kerakki, bu loyiha hozirda joriy etish jarayonida. Hali to‘liq oxiriga yetmagan. Dasturlari ham yangi. Bu dasturlarni hozir joriy etish, ulash, aloqalarini o‘rnatish ishlari ketyapti. O‘z navbatida, qaysidir jarayonlarda kamchiliklar bo‘lishi mumkin.
Dasturimiz billing tizimiga asosan ishlaydi. Billing foydalanilgan elektr energiyani hisob-kitob qilib, hisoblagichdan ma’lumotlarni oladi va qarzdorlik bo‘lsa, KAC tizimiga ma’lumot uzatadi. KAC elektrni avtomatik tarzda o‘chiradi. Buni dasturning o‘zi amalga oshiradi. KAC tizimini «Koreya telekom» kompaniyasi joriy qilgan.
Oldin elektrni o‘chirib-yoqishlar 3 ta dasturda amalga oshirilardi. Ular hisoblagich ishlab chiqaruvchi korxonalarning dasturlari edi. Biz avvallari ham aytgandik, bular KAC tizimiga o‘tganidan keyin bir me’yorda ishlashni boshlaydi, deb.
Hozirgi kunda barcha hisoblagichni o‘sha 3 tadan bitta dasturga o‘tkazdik. Hozirda respublika bo‘yicha bitta dasturda ishlayapti. Maqsadimiz har xil dasturlarda ishlash emas, bitta dasturda o‘chirib-yoqishlarni amalga oshirish edi. Buni mana nihoyat uddaladik. Oxiriga yetkazdik.
Endi qiladigan ishimiz, 1 maygacha rejadagi barcha 7 million 400 ming hisoblagichni o‘rnatib, so‘ng ularning barchasini yuz foiz billing tizimiga o‘tkazish va KAS tizimiga ulash ishlari bo‘ladi. Shular oxiriga yetganidan keyin tizim to‘liq ishga tushdi, deb ayta olamiz.
– «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari ASKUE tizimi telefon aloqasi kabi tezkor ishlashi haqida gapirgan edi. Ya’ni xuddi telefon kompaniyalaridagi kabi, hisobda mablag‘ tugashi bilan elektr o‘chishi, pul to‘lanishi bilan yonishi aytilgandi. Bunday tezkorlikka qachon erishiladi?
– Aytishim mumkinki, hozirgi kunda dastur shunaqa tezlikda ishlayapti. Pul to‘langanidan keyin qisqa muddatlarda, uzog‘i bilan 10-15 daqiqada yoqilyapti. Vaqtida yonmayotganiga boshqa sabablar bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, o‘sha xonadonda elektr energiyasi noto‘g‘ri montaj qilingan yoki hisoblagichga har xil qurilmalar qo‘yilgan bo‘lsa. Ular «rubilnik», o‘chirib-yoqadigan yoki boshqa liniyaga o‘tkazadigan turli moslamalar bo‘lishi mumkin. O‘shanda o‘chirilgandan keyin elektr yonmasligi mumkin.
Ikkinchi holatda, ma’lum bir paytlarda aholi internetni ko‘proq ishlata boshlaganda signal pasayib ketadi. Ana shu pasayish vaqtida elektrni yoqish muddati bir muncha cho‘ziladi. Bugungi kunda aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha mobil kompaniyalar bilan ishlayapmiz. Lekin aytib o‘tishimiz kerak, dastur pul to‘lagandan keyin yoqishga moslashtirilgan.
– 7,5 milliontaga yaqin hisoblagichni o‘z ichiga oladigan loyihaning moliyaviy jihatlariga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Loyihaning umumiy qiymati 587 million dollarni tashkil etadi. Hozirda ushbu mablag‘dan 410 million dollariga hisoblagichlar o‘rnatildi. Ikki oy ichida qolgan qismini ham yetkazib kelib o‘rnatganimizdan so‘ng, loyiha yakuniga yetadi.
Umuman olganda, buni 1 maygacha oxiriga yetkazish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki, «Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘zsanoatqurilishbank» va boshqa manbalar mablag‘lari jalb etilgan.
– Iste’molchilarda ASKUE tizimida pul ortiqcha hisoblanyapti, to‘langan pul tez tugab qolyapti, degan e’tirozlar ko‘p.
– Yangi tizim iste’molchilarga ko‘p qulayliklar yaratmoqda. ASKUE joriy qilinishidan oldin hisoblagichlarimiz oflayn ishlardi. Agar qarzdor bo‘lsa, uyiga borib elektrni o‘chirish uchun sim kesilardi. Yoqish kerak bo‘lganda, to‘lov qilinganidan keyin yana qayta ulash uchun elektr tarmoqlariga pul to‘lardi. Keyin yoqib berilardi. Hozir bu tekinga amalga oshirilmoqda. Ya’ni iste’molchi qarzdor bo‘lsa, dastur avtomatik tarzda o‘zi o‘chiradi. Ya’ni iste’molchi tarafidan qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilmaydi. Oldin to‘lov qilinardi.
Ikkinchi qulaylik, xodimlarimiz borib, ortiqcha bezovta qilmaydi. Qarzdor bo‘lib qoldingiz, to‘lang, degan gaplar bo‘lmaydi. Hammasi onlayn amalga oshiriladi.
Yana bir masala bor. Har 10 yilda hisoblagichlar iste’molchilarning hisobidan tekshiruv qilinardi. Hozir esa tekinga, «aqlli hisoblagichlar»ni o‘rnatganimiz uchun «Hududiy elektr tarmoqlari» hisobidan amalga oshirish belgilangan.
– Ayta olasizmi, billingga ulangan iste’molchilardan necha foizi to‘lovlarni onlayn amalga oshirmoqda?
– Hozirgi kunda 3 million 600 mingta hisoblagich billingga ulangan bo‘lsa, shundan 91 foizi, ya’ni 3 million 200 mingtasi haqdorlikka – oldindan to‘lovga o‘tib ketdi.
Ayni paytda respublikada qariyb 426 milliard so‘m mablag‘ elektr energiyasi uchun oldindan to‘langan. Bunaqasi avval bo‘lmagan. Bungacha 10 foiz haqdorlik bo‘lsa, qolgan hammasi qarzdor bo‘lib kelgan. Aholida to‘lov intizomi shakllanib bormoqda.
– Iste’molchi ASKUE tizimiga ulanayotgan paytda qarzdor bo‘lsa, qanday yo‘l tutiladi?
– Hisoblagichlarni almashtirish jarayonida agar qarzdorlik aniqlanadigan bo‘lsa, iste’molchiga qarzini to‘lash tavsiya etiladi. Agar shu paytda to‘lamasa, qarzdorligi yangi hisoblagichga o‘tkaziladi. Yangi hisoblagich ishga tushgach esa, tabiiyki, qarzdor bo‘lgani uchun elektr avtomatik tarzda o‘chadi. Shuning oldini olish uchun xodimlarimiz tushuntirish ishlarini olib borishyapti.
Iste’molchilarimizning aksariyati bu dasturni to‘g‘ri qabul qilib, to‘g‘ri tushunib, to‘lovlarni vaqtida to‘lab, hisoblagich almashtirilayotganida qarshilik qilmayapti.
Lekin qarshilik qilayotganlari ham bor. Tahlil qilsak, ular vaqtida to‘lamayotganlar yoki elektr energiyadan noqonuniy foydalanayotganlar bo‘lib chiqmoqda.
Iste’molchi yangi ASKUE tizimiga ulanishdan bosh torsa, hisoblagichlarni elektrdan uzib qo‘yishga haqqimiz bor. Bu qonunchilikda belgilangan, bu tizimga ulanish albatta majburiy.
– Qarzdorlik to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Yangi tizim qarzlarni kamaytirishda qanchalik samara beryapti?
– Misol sifatida aytsam, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 96 foiz hisoblagich o‘rnatib bo‘lindi va qariyb hammasi billingga ulandi. Qoraqalpog‘istonda 2019 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 101 mingta qarzdor iste’molchilarimiz bo‘lgan. 2021 yil mart oyiga kelib bu qarzdorlar soni 31 mingtaga tushdi. 101 ming qayerda-yu, 31 ming qayerda!
Buxoro viloyatini oladigan bo‘lsak, qarzdorlar soni 2019 yilda 170 mingta bo‘lgan. 2021 yilga kelib, 40 mingtani tashkil qilyapti. Xuddi shunaqa Jizzax viloyatida ikki yil oldin 97 mingta bo‘lgan, hozirda 14 mingta.
Poytaxtimizda 2019 yilda 232 mingta qarzdor bo‘lsa, bugungi kelib 78 mingta qarzdor mavjud. Yangi dastur orqali qarzlarni undirish darajasi ham oshdi.
Biz Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazimizga jurnalist va blogerlarni taklif qilamiz. Tizim 100 foiz avtomatlashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda «Koreya telekom» kompaniyasi dasturi asosida va ular tomonidan o‘rnatilgan serverlar orqali onlayn ravishda o‘chirib-yoqishlar amalga oshirilmoqda.
Nafaqat o‘chirib-yoqish, ya’ni hisoblagichlardan 40ga yaqin ma’lumotlar olinadi, qayta ishlanadi. Keyin hisoblagichlarga tashqaridan aralashuv bo‘ldimi-yo‘qmi, bloklandimi-bloklanmadimi, qarzdorlar reaktiv quvvatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning hammasini tahlil qilgan holda ma’lumotlar olishimiz mumkin.
Bundan tashqari, transformatorda qancha yo‘qotish bo‘lyapti yoki to iste’molchilarga yetgunicha qancha elektr yo‘qotishlar bo‘lyapti, bularning hammasini uskunalar onlayn ko‘rsatadi.
– Chekka hududlarda internet yaxshi ishlamaydi. Bunday joylarda tizimning onlayn ishlashini to‘liq ta’minlash mumkinmi?
– Bu muammo borligi boshida ma’lum edi. Shuning uchun 594-sonli hukumat qarorida olis va tog‘li, internet ishlash darajasi past hududlarda aloqani yaxshilash bo‘yicha «Uztelecom» kompaniyasiga topshiriq berilgan.
Natija sifatida aytishim mumkinki, Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, Forish tumanlarida internet signallari juda past edi. Aloqa kompaniyalar harakati bilan signal sifati 96 foizgacha yetkazildi. Bu ishlar qolgan hududlarda ham amalga oshirilmoqda.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.
Tasvirchi – Doniyor Yakubov.
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
00:36 / 19.10.2024
Kuba elektr energiyasidan butkul uzilib qoldi
23:32 / 18.10.2024