O‘zbekiston | 14:43 / 18.03.2021
13234
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil abituriyentlarga cheklanmagan miqdorda ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoni berilishi mumkin

Bu yil abituriyentlar uchun cheklanmagan miqdorda ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatini yaratish taklif qilinmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov ma'lum qildi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Bekzod Toshpo‘latov bu o‘quv yilida abituriyentlar oliy ta'lim muassasasiga kirishda nechta ta'lim yo‘nalishini tanlashlari mumkinligiga aniqlik kiritib o‘tdi.

“Avvalgi yillar tajribasini qaraydigan bo‘lsak, 2018 yilda 3ta OTM yo‘nalishida tanlash imkoniyati, 2019-2020 o‘quv yilidan esa 5ta ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati yaratildi. 2021-2022 o‘quv yilida esa cheklanmagan miqdorda ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatini berish taklifi kiritilgan. O‘zbekiston respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasi bu taklifni ko‘rib chiqyapti. Hozircha bu noma'lum. Agar bu tasdiqlanadigan bo‘lsa, bu haqda ommaviy axborot vositalarida va Davlat test markazi rasmiy saytida batafsil ma'lumot beriladi”,- dedi u.

Uning ta'kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda 5ta ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati amalda qoladi.

Avvalroq, bu yilgi test sinovlari ham stadion va xiyobonlarda o‘tkazilishi mumkinligi hamda test savollari Oliy ta'lim vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi dasturlari asosida tuzilishi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid