O‘zbekiston | 20:06 / 25.03.2021
26219
9 daqiqa o‘qiladi

Kirakashlikdan zirhli mashinalargacha. Dubaydagi o‘zbek millioneri Ulug‘bekxon Maksumov bilan suhbat

Dunyoning ko‘plab yirik shaharlari, shu jumladan Dubayda ham muvaffaqiyatli biznes yuritayotgan o‘zbek tadbirkorlari talaygina.

Birlashgan Arab Amirliklariga safar qilgan SUBYEKTIV jamoasining navbatdagi suhbatdoshi – bu yerda zirhli texnikalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi taniqli o‘zbek tadbirkori Ulug‘bekxon Maksumov bo‘ldi.

– Tez-tez intervyu berib turasiz, kim intervyuga taklif qilsa ham yo‘q demaysiz. Oxirgi marta Forbes Russia'ga intervyu berdingiz. O‘ziga xos biznes bilan shug‘ullanishingizga qaramay, ochiq va intervyu berishga doim tayyorsiz. Intervyulardan charchamadingizmi?

– Ba'zi odamlar kuni va vaqtini ham kelishmasdan telefon qilishadi, intervyuga kelishadi. Yosh blogerlar, yutuberlar keladi. Ularga intervyu berib, zavodni ko‘rsatish jarayoni o‘zim uchun ishdan biroz tanaffus qilish, lirik chekinish bo‘ladi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda faolsiz. Instagramda 4 milliondan ortiq obunachingiz bor, doimiy postlar qo‘yib borasiz. Umuman, media olamida ismingiz ko‘p yangraydi. Tashqaridan qaragan odamda siz kabi xavfsizlik bilan bog‘liq biznes bilan shug‘ullanadigan kishiga bu qadar PR nega kerak, deb o‘ylaydi. Sizning biznesingizda shaxsiy brend rol o‘ynaydimi?

– Albatta, chunki odamlar sizga ishonch bildirishi kerak. Ular hayotini sizga ishonadi.

Shu bilan birga, shaxsiy brendim o‘zim uchun ham xuddi hobbi kabi. Instagramda 100-150 kishi menga yozishi mumkin. Men ularning hammasiga ham javob berolmayman. Lekin ularga iloji boricha maslahat berib, yordam berishga harakat qilaman.

– Instagramingizni kim yuritadi?

– O‘zim yuritaman. Chunki u mening shaxsiy sahifam. Unga har xil odam yozishi mumkin.

– Ishchilaringiz turar joy bilan ta'minlanganmi?

– Ha. Turar joy ham lavozimiga qarab berilgan. Masalan, ishchilar umumiy binoda turadi. Menejyerlar alohida o‘z kvartirasida turadi.

– Ishchilar oyligi qanchadan boshlanadi?

– Eng kami 800 dollardan (payvandchi, yordamchi kabilar). Kosmetika bilan shug‘ullanadiganlarning maoshi 1,5 ming dollardan boshlanadi. Menejyerlarniki 3 ming dollardan boshlanadi.

– Birlashgan Arab Amirliklarida haydovchilar qanday jarimaga tortiladi?

– Bu yerda haydovchiga 24 ball beriladi. Agar qoidani buzsa, ballini olib tashlayveradi. Masalan, «qizil»ga o‘tsa, 6 ball ayriladi va jarima to‘laydi. Yana bir marta o‘tib ketsa, 12 ball olib tashlanadi. 24 ballga yetsangiz, haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yiladi.

– 2016 yilda Transformator kanaliga bergan intervyungizda INKAS kompaniyasining yillik aylanmasi 100 million dollar degandingiz. 5 yil ichida bu son qanaqa o‘zgardi?

– Bu sonda katta o‘zgarish bo‘lmadi. O‘tgan yili pandemiya sabab biroz to‘xtalish bo‘ldi. Chunki chegaralar yopildi, onlaynga o‘tildi, texnikani sotish ham to‘xtadi.

– Bu biznesni konveyerga o‘tkazish mumkinmi?

– Yo‘q. Chunki har bir davlat o‘ziga mos texnikani buyurtma qiladi. Shuning uchun qo‘lda yig‘ish eng yaxshi variant.

– Siz ko‘p bora «O‘zbekistondan kelib ish so‘rashadi, lekin til bilishmaydi», degansiz.

– Hozirgacha shunaqa. Yaqinda er-xotin ish so‘rab keldi. Sizga yozgandik, javob bermadingiz, tavakkal qilib keldik, deyishdi. Ikki kishining kelib-ketishiga kamida 1,5 ming dollar bo‘lgan. Yo‘lkirani ham qarz olib kelishgan ekan.

Keyin ularni ishga ololmasligimni aytib, yo‘lkira pullarini berib yubordim. Men o‘zim shunaqa qiyin holatga tushganimda hech kim yordam bermagan, shuning uchun ularga yordam berish kerak, deb hisoblayman. Biroq ularni ishga ololmayman, chunki bu yerda faqat mutaxassislar ishlaydi.

Bu yerga diplomi qo‘lida, til bilganlar kelib ham ish topishi qiyin. Chunki intervyuga kirganda birinchi navbatda Dubayda qancha vaqt ishlagani so‘raladi. Ishlamagan bo‘lsangiz, intervyu shu joyda tugaydi. Chunki bu yerga 10-15 yillik tajribaga ega «mobilniy» odamlar kerak.

– Pandemiya vaqtida jamoa qisqardimi?

– Menga davlatdan ishchilarni 30 foizgacha qisqartirish kerakligi haqida xat keldi. Ammo men qisqartirmadim. Chunki bu odamlar yaxshi vaqtlarda ham, yomon paytlarda ham men bilan bo‘lgan. Oyliklari ham tushmadi.

– 2018 yildagi intervyularingizdan birida O‘zbekistonga katta sarmoya kiritish haqida gapirgandingiz. Sarmoya kirita oldingizmi?

– O‘zimizning mashina sohasida kompaniyalarni ochdik. Bu ish 1-6 oyda bo‘ladigan narsa emas. Bunga ko‘proq vaqt, ruxsat olish kerak. Zavodni ochgandan keyin yiliga 20-30 ta mashina chiqargandan foyda yo‘q. Ko‘proq mashina ishlab chiqarish uchun biz qo‘shni davlatlarni ham o‘rganib chiqyapmiz. Qariyb 70 foiz ishimiz qilingan.

– Zavod faoliyati taxminan qachondan yo‘lga qo‘yilishi mumkin?

– 2021 yilning iyun-iyul oylarida yo‘lga qo‘yishni o‘ylab ko‘ramiz.

– Bu yerga kelib ishlash uchun nima talab qilinadi?

– Bilim olish kerak. Til o‘rganish kerak. Chunki bu yerga juda ko‘p millatlar, odamlar keladi. Ularning hammasi ish izlab keladi. Bu yerga kelayotganda hamma narsaga tayyor bo‘lish kerak.

Ayrimlar 17-18 yoshida uylanadi. Otasi bugun, ertaga bor, keyin-chi? Yoshlikdan intilish, bilim olishga harakat bo‘lishi kerak. Men o‘zim ham Marg‘ilondan Toshkentga taksichilik qilganman. Kirakash deb kulganlar ham bo‘lgan. Taksi pulini pasaytirganimda men va boshqa taksichilar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lgan. Lekin benzin pulim chiqsa bo‘ldi, uyga 2-3 kg go‘sht olib kirish uchun yurganman. Otam yuqori lavozimda ishlaganida meni qattiq tutishgan, o‘shanda ham piyoda yurganman.

– Toshkentga tez-tez borib turasizmi?

– 2019 yilda tez-tez borib turardim. Pandemiya sabab borolmadik.

– Ota-onangizni bu yerga olib kelish niyatingiz bormi?

– Ular bu yerga 1 oyga kelib ketishadi. Ulardan bu yerga kelishlarini ko‘p so‘radim. Lekin Marg‘ilonda qarindoshlari, issiqxonalari bor. Bu yerga kelishsa, zerikib qolishadi. Lekin tez-tez kelib turishadi.

– Erishgan yutuqlaringizning siri nimada?

– Hech qanaqa sir yo‘q. Faqat ishlash kerak. Ota-onaning duosini olish kerak. Ozgina omad ham kerak.

– Siz o‘zingizni omadli deb o‘ylaysizmi?

– Ha. Chunki ko‘p vaziyatlar va qandaydir daqiqalarda ishim o‘xshab qolgan. Men buni ertalabdan sezaman. Ota-onam bilan ertalabdan gaplashaman. Ularning duosini olaman.

– Pandemiya davrida ko‘p o‘zbeklar vatanga qaytolmay, Dubayda qolib ketdi.  Sizdan ham yordam so‘rab kelishdimi?

– Undaylar ko‘p bo‘ldi. Pandemiya sabab Dubayda qolib ketgan bemorlar bo‘ldi, ba'zilar ko‘chada ham qolib ketdi. Ularga yordam berib, dori-darmon, mehmonxona, biletlariga qarashdik. Har kuni bu masala bo‘yicha konsullik bilan gaplashdik. Bu masala o‘sha paytda men uchun birinchi o‘rinda edi. Keyin ishxonaga o‘tardim. Yuzlab odamni O‘zbekistonga qaytarib yuborganmiz.

– Qarz berishga qanday qaraysiz?

– Hozir shunaqa paytki, imkoniyatingiz bo‘lsa, qarzga shunday summa beringki, uni qaytarib ham olmang. Chunki zamon og‘ir. Men shunday usulda beraman va uni qaytarib olmayman.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

To‘liq intervyuni SUBYEKTIV'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.

Mavzuga oid