O‘zbekiston | 21:40 / 09.04.2021
29748
2 daqiqa o‘qiladi

«Otvyortka»ni sovuq qurol deb baholagan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi davom etmoqda - Shohrux G‘iyosov

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Zangiotada «otvyortka» olib yurgan haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilganiga munosabat bildirdi.

O‘tgan oyda Toshkent viloyati Zangiota tumanida «Spark» avtomobili to‘xtatilib, haydovchining yonidan chiqqan otvyortka sovuq qurol deb topilgan, YPX xodimi tomonidan dalolatnoma tuzilgandi. Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, ayniqsa haydovchilar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, IIB xodimlarining bu harakatlari qoralangan edi.

Shundan so‘ng Toshkent viloyati IIBB holat yuzasidan surishtiruv boshlagandi. Ushbu surishtiruv natijasi bilan qiziqqan Kun.uz muxbiri 9 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovga murojaat qildi.

G‘iyosov ushbu xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi davom etayotganini ma'lum qildi.

«Ichki ishlar xodimiga xizmat olib borish vaqtida mavjud xavfga shaxsan baho berib, qaror qabul qilish huquqi berilgan. Men u xodimning harakatini oqlash yoki qoralash maqsadida aytmayapman. Aynan ichki ishlar organi xodimlariga shunday huquq berilgan.

Lekin har qanday holatda ichki ishlar organi xodimining qarori ustidan shikoyat bo‘ladigan bo‘lsa, xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Uning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Hozirgi vaqtda xizmat tekshiruvi olib borilyapti. Yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

«Otvyortka» sovuq qurol deb baholanganiga kelsak, bunga biz mantiqan yondashishimiz kerak. Transport vositasiga texnik xizmat ko‘rsatish uchun o‘zining instrumentlari bo‘ladi. Shuning uchun bunga mantiqan yondashishimiz kerak. Lekin hozir ichki ishlar organi xodimining harakatini qoralash yoki oqlashga vakolatim yo‘q. Xizmat tekshiruvi natijasida uning har bir harakatiga huquqiy baho beriladi», – dedi Shohrux G‘iyosov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan sovuq qurolning namunaviy klassifikatorida ham «otvyortka» ko‘rsatilmagan.

Mavzuga oid