O‘zbekiston | 15:09 / 11.04.2021
38803
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda o‘quvchi qiz zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Termiz shahrida 16 yoshli voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilganligi holati yuzasidan Termiz shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan qo‘shimcha tekshiruv harakatlari o‘tkazildi. 

Natijasiga ko‘ra, mavjud qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va haqiqatni aniqlash maqsadida 2021 yil 11 aprel kuni holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 118-moddasi (Shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda nomusga tegish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi xabarda.

Hozirda Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi a'zosi Farhod Boqiyev termizlik erkak maktab o‘quvchisini ikki marta zo‘rlagani hamda huquqni muhofaza qilish idoralari bu ishni «tinchitib» yuborganini ma'lum qilgandi.

Keyinroq IIV Tergov departamenti mazkur holatga munosabat bildirib, IIB faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma'lum qilgandi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash komissiyasi a'zosi  Saida Mirziyoyeva bu hodisa bo‘yicha munosabat bildirib, jinoyatchining mansabi, vakolati va aloqalari hech qanday holatda sud organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning adolatli bo‘lishiga ta'sir ko‘rsatmasligi lozimligini ta'kidlagandi.

Mavzuga oid