Paxta yog‘i ham keskin qimmatlashdi. Yaqin oylarda narx pasayishi kutilmayapti
Eng asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri sanaluvchi o‘simlik yog‘i narxi oshib bormoqda. O‘zbekistonda 2021 yilning dastlabki uch oyida kungaboqar yog‘i narxi keskin oshgan bo‘lsa, aprel oyidan boshlab paxta yog‘i ham qimmatlasha boshladi. O‘tgan oyga nisbatan paxta yog‘i narxi 31-33 foizga oshdi.
2020 yilning oktyabr oyiga qadar paxta yog‘i narxida barqarorlik saqlanib qolayotgandi. Buning sababi nimada?
2019 yil paxta hosilidan olingan chigit xomashyosi asosan 2019 yil oktyabr oyidan 2020 iyun oyigacha bo‘lgan davrda qayta ishlandi, bu vaqt mobaynida 1 kg paxta chigitining narxi o‘rtacha 1,9 ming so‘mni tashkil etgan. Shu bois paxta yog‘ining narxi yil davomida barqaror saqlanib qolgan, ya'ni 1 litr paxta yog‘i o‘rtacha 8-8,5 ming so‘mdan birja savdolari orqali sotilgan.
O‘tgan yil kuzda paxta chigiti narxi 60-65 foizga oshib, paxta yog‘i 25-30 foiz qimmat sotildi. 2020 yilning noyabr va 2021 yilning fevral oyiga qadar 1 kg chigit 3,2 ming so‘mdan sotildi, 1 litr paxta yog‘ining narxi o‘rtacha 12,0-13,0 ming so‘mdan birja savdolariga qo‘yildi va bu davrda narx barqarorligi saqlanib qoldi.
2021 yil aprel oyida paxta yog‘i narxi keskin oshganining sababi nimada?
Mart oyida 1 kg paxta chigiti 3,4 ming so‘mdan, aprel oyida esa 5,6 ming so‘mdan birja savdolari orqali sotildi. Natijada ayrim yog‘-moy korxonalari ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olgan holda 1 litr paxta yog‘ini 18,0-19,0 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda birja savdolariga qo‘ydi. O‘tgan oyga nisbatan paxta yog‘i keskin qimmatlaganini ko‘rish mumkin.
Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan yog‘-moy sohasida uzoq yillik tajribaga ega mutaxassis Faxriddin Kalonovning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 kilogramm paxta chigiti 5,6 ming so‘mdan xarid qilinsa, bir litr paxta yog‘ini 20 ming so‘mdan sotgan taqdirda ham, korxona zararga ishlaydi. Buning qisqacha arifmetikasi shunday:
1 tonna paxta chigiti va uni qayta ishlash narxi taxminan shunchaga tushadi:
- 1 kilogramm paxta chigiti 5,6 ming so‘mdan birja savdolariga qo‘yilmoqda, shunda 1 tonna paxta chigitining narxi 5 million 600 ming so‘mni tashkil etadi.
- 1 tonna chigitni qayta ishlash xarajati (barcha soliqlar, ish haqi va boshqa xarajatlar bilan birgalikda) 1,0 million so‘mga to‘g‘ri keladi.
- Shunda 1 tonna chigitni qayta ishlash bo‘yicha jami xarajat 6,6 million so‘m bo‘ladi.
1 tonna chigitdan olinadigan mahsulot va uning narxi quyidagicha shakllanadi:
- 1 tonna chigitni qayta ishlashdan 170 kilogramm paxta moyi olinadi, uning 1 kilogrammi 20,0 ming so‘mdan sotilganda 3,4 million so‘mni tashkil etadi.
- 450 kilogramm shrot olinadi, bu mahsulotning 1 kilosi 3,5 ming so‘mdan sotilganda 1,575 million so‘mga to‘g‘ri keladi.
- 350 kilogramm sheluxa olinadi, uning 1 kilosi 2,2 ming so‘mdan birja savdolariga qo‘yilmoqda, demak 1 tonna sheluxaning narxi 770 ming so‘m bo‘ladi.
Xulosa qanday: paxta yog‘i narxi arzonlashishi mumkinmi?
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 1 tonna chigitni qayta ishlash xarajatlari miqdori 6,6 million so‘m, ishlab chiqarilgan mahsulot narxi 5,745 million so‘mni tashkil etadi. Shunda korxona 1 tonna paxta chigitini qayta ishlashda 1 kg paxta yog‘ini 20 ming so‘mdan, 1 kg shrotni 3,5 ming so‘mdan, 1 kg sheluxani 2,2 ming so‘mdan sotganda ham, 855 ming so‘m miqdorida zarar ko‘radi.
Xullas, birja savdolari orqali 1 kg paxta chigiti 5,6 ming so‘mdan sotilsa, paxta yog‘i narxi yana oshishini kutishdan boshqa iloj yo‘q. Chunki qayta ishlash korxonalari ham zarariga ishlamaydi.
Mas'ul tashkilotlar o‘simlik yog‘i narxi oshishi borasida nima deydi?
Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining ma'lum qilishicha, tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi munosabati bilan asosiy yetkazib beruvchilardan bo‘lgan qo‘shni davlatlarda kungaboqar yog‘i va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishi tartibi muddati uzaytirilishi narxlarga ta'sir qilgan.
«O‘z navbatida, import asosida olib kelinadigan kungaboqar yog‘i va urug‘i narxlarining oshishi mahalliy paxta yog‘i narxlariga ham bevosita o‘z ta'sirini ko‘rsatdi», – deyiladi qo‘mita axborotida.
Hukumat narxlar barqarorligiga erishish uchun nima qilmoqchi?
2021 yilda mahalliy sharoitda yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlash hisobiga 141 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarilishi ma'lum qilingan.
Hukumat kungaboqar, soya, masxar, raps, kunjut va zig‘ir ekiladigan maydonlar hajmini oshirmoqchi. Joriy yilda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 530 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etiladi.
Avvalroq, Kun.uz kungaboqar yog‘i narxi oshib ketganiga oid tahliliy maqola e'lon qilgandi. Mutaxassislar tomonidan kungaboqar yog‘i narxi yana 30 foizgacha oshishi mumkinligi prognoz qilingandi.
Shuningdek, Toshkent bozorlarida yarmarkadagi arzonlashtirilgan o‘simlik yog‘i uchun navbatlar yuzaga kelayotgani xabar qilingandi.
Madina Ochilova
Mavzuga oid
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
20:23 / 10.12.2024
Yog‘-moy mahsulotlari eksportiga ruxsat berilishi mumkin
11:31 / 18.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda oziq-ovqat va asbob-uskunalar ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqyapti
13:41 / 02.11.2024