Jahon | 14:49 / 18.04.2021
38110
10 daqiqa o‘qiladi

Chexiya rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubormoqda. Boshirov va Petrovga qidiruv e'lon qilindi

Chexiya Rossiya maxsus xizmatlarini 2014 yilda o‘q-dori omborxonasidagi portlashga aloqadorlikda gumonlab, rossiyalik 18 nafar diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Chexiya politsiyasi rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov «og‘ir turdagi jinoyatlar» bo‘yicha tergov doirasida qidiruvga berilganini e'lon qildi.

Foto: Getty Images

Diplomatlarni nima uchun haydashmoqda?
Rossiyalik 18 diplomat chiqarib yuborilishi haqida shanba kuni bosh vazir Andrey Babish va ichki ishlar vaziri Yan Gamachek (u 12 apreldan tashqi ishlar vaziri vazifalarini ham bajaradi) tomonidan shoshilinch ravishda chaqirilgan matbuot anjumani vaqtida e'lon qilindi.

Gamachek chiqarib yuborilayotgan diplomatlar Rossiya maxsus xizmatlari - GRU va SVR bilan hamkorlik qilishda gumonlanayotganini ma'lum qilgan. 

«Chexiya tashqi ishlar vaziri sifatida Pragadagi Rossiya elchixonasida ishlayotgan barcha xodimlarni o‘z yurtiga qaytarib yuborishga qaror qildim. Ularning hammasi Rossiya maxsus kuchlarining ofitserlari ekani bizning maxsus xizmatlar tomonidan fosh etildi. 48 soat ichida elchixonaning 18 nafar xodimi mamlakat hududidan chiqib ketishi lozim», degan u.

«Radio Praga» xabar berishicha, bosh vazir Babish ushbu maxsus xizmatlarning agentlari 2014 yil Zlin shahri yaqinidagi Vrbetitse qishlog‘ida joylashgan o‘q-dori omborida ro‘y bergan va ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumonlash uchun asoslar borligini aytib o‘tgan.

Diplomatlar Chexiyani 48 soat ichida tark etishi kerak bo‘ladi. Gamachek bu holat Praganing Moskva bilan munosabatlariga jiddiy darajada darz keltirishini tan olgan. «Ammo biz munosabat bildirishimiz kerak. Biz Buyuk Britaniya 2018 yilda Solsberidagi [Skripallarni] zaharlashga urinish ro‘y berganda qanday vaziyat bo‘lgan bo‘lsa, shunday vaziyatdamiz», deya vazirdan iqtibos keltiradi TASS.

2018 yil 4 mart kuni Solsberida GRUning sobiq zobiti Sergey Skripal va uning qizi asab tizimini falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangandi. Britaniya prokuraturasi bu hujumda rossiyalik Ruslan Boshirov va Aleksandr Petrovni ayblagan, shu bilan birga, bu nomlar o‘ylab topilgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgandi.

Boshirov va Petrov qidiruvda
Chexiya politsiyasi shanba kuni alohida bayonot bilan chiqib, Rossiya pasportiga ega bo‘lgan ikki shaxs, Ruslan Boshirov va Aleksandr Petrov qidiruvda ekanini ma'lum qildi.

Politsiyaning tvitterdagi sahifasida 2018 yilda britan politsiyasi tomonidan Skripallarni zaharlashda gumonlangan va keyinroq RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanga intervyu berib, Solsberiga tarixiy binolarni tomosha qilish uchun borishganini aytib chiqqan ikki shaxs surati joylashtirildi.

Politsiya «o‘ta og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq holatlar tergovi»da yordam berishni so‘ragan, shu bilan birga, aynan qaysi jinoyatlar nazarda tutilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Politsiya xabarida bu ikki shaxs 2014 yil 11 oktyabridan 16 oktyabrigacha Chexiya hududida - avvaliga Pragada, keyin Moraviya-Sileziya hamda Zlin o‘lkalarida bo‘lishgani aytilgan. Ular Boshirov va Petrov nomidagi rus pasportlaridan tashqari, Nikolay Popi nomiga berilgan moldavan pasporti hamda Ruslan Tabarov nomiga berilgan tojik pasportidan foydalanishgan.

Politsiya bayonotida Zlin shahri yaqinidagi Vrbetitse ombori to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Harbiy kompleksda portlash 16 oktyabr kuni ro‘y bergandi (o‘sha yilning 3 dekabrida yana bir portlash bo‘lgan).

O‘shanda 16-raqamli va 12-raqamli omborxonalar vayron bo‘lib, xodimlardan ikki nafari halok bo‘lgandi. Harbiy texnik institut omborxonalarni litsenziya asosida harbiy materiallar savdosi bilan shug‘ullanuvchi firmaga ijaraga bergandi. Ikki omborxona ham Ostrava orolidan bo‘lgan Imex Group firmasiga ijaraga berilgandi.

DPA agentligi ma'lumotiga ko‘ra, omborda piyodalarga qarshi minalar saqlangan.

2018 yil kuzida Bellingcat loyihasi va The Insider nashri qo‘shma surishtiruv natijalarini e'lon qilgan, unga ko‘ra Boshirovning haqiqiy ismi-sharifi Anatoliy Chepiga ekani, Petrov esa Aleksandr Mishkinligi ma'lum qilingandi. Tadqiqotchilar ular GRU zobitlari ekanini tasdiqlagan. BBC rus xizmati anonim manbalarning Rossiya ma'lumotlar bazalariga asoslangan ma'lumotlari orqali Bellingcat ma'lumotini tasdiqlagan. Moskva Solsberidagi hujumga aloqadorligini tan olmagan.

Moskvaning reaksiyasi
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova Chexiyani 18 diplomat chiqarib yuborish oqibatlaridan ogohlantirdi. «Praga bunday fokuslar qanday oqibatlarga olib kelishidan xabardor», deya uning so‘zlarini keltirgan TASS.

«Interfaks» anonim qolishni so‘ragan diplomatik manbasiga asoslangan holda yanada qat'iyroq munosabatni keltirgan. «Aftidan, [Chexiya hukumati] Moskvadagi elchixonasini yopmoqchi», degan Moskvadagi chex elchixonasi xodimlari sonini nazarda tutgan holda agentlik suhbatdoshi. Odatda bir davlat boshqa davlatning qancha diplomatini chiqarib yuborsa, bunga ushbu davlatning shuncha diplomatini chiqarib yuborish bilan javob qaytariladi.

Rossiya elchixonasi diplomatlarning chiqarib yuborilishi munosabati bilan elchi Chexiya TIVga chaqirilgani haqida xabar qilgan.

Boshirov va Petrovga qidiruv e'lon qilinganiga izoh bergan «Interfaks» manbasi boshqa mamlakat hududida og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga Rossiya fuqaroligini berish Konstitutsiyada taqiqlanganini eslatish bilan kifoyalangan.

«Sputnik» va AES
Bosh vazir Babish prezident Milosh Zemanni chex maxsus xizmatlarining xulosalaridan xabardor qilgani va bu masalada Chexiya TIVni to‘la qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI va NATO bo‘yicha hamkorlar bilan ham maslahatlashuvlar olib borilmoqda.

Reuters agentligi Chexiya sanoat vaziri Karel Gavlichekka asoslanib xabar qilishicha, bu ziddiyat «Dukovani» AESning yangi energobloki qurilishi uchun tenderga Rossiya taklif etilishi bo‘yicha qarorga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bu qurilishni yakunlash ishlarini olib borish uchun da'vogarlardan biri «Rosatom» bo‘lib, chex maxsus xizmatlari bunga qarshi chiqib kelardi.

Juma kuniyoq tashqi ishlar vaziri Gamachek Moskvaga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgani ma'lum bo‘lgandi. Bu tashrif vaqtida koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi mo‘ljallangandi. Deutsche Welle nashri yozishicha, bu reja uchun uni muxolifat vakillari ham, koalitsiya bo‘yicha hamkorlar ham tanqid qilishayotgandi.

AQShning Chexiyadagi elchixonasi o‘z ittifoqchisining Rossiyani chex zaminidagi xavfli harakatlar uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Payshanba kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiya diplomatik missiyasining 10 nafar xodimi chiqarib yuborilishini ma'lum qilgandi. Shu kuni Polsha Vashington bilan birdamligini ifodalash uchun rossiyalik diplomatlardan uch nafarini non grata deb e'lon qildi. Shundan so‘ng, Rossiya Polshaning besh nafar diplomatini chiqarib yubordi.

«Ritsin mojarosi»
Reuters agentligi 18 nafar rossiyalik diplomatning chiqarib yuborilishini Rossiya va YeI hamda NATO a'zosi bo‘lgan Chexiya o‘rtasida 1989 yil mamlakatda kommunistik davr yakunlanganidan beri kuzatilgan eng yirik mojaro deb atadi.

O‘tgan yil aprelida Chexiya va Rossiya munosabatlari «ritsin mojarosi» tufayli yomonlashgandi. Bu mojaro Respekt nashrining politsiya Praga meri Zdenek Grjib va shaharning 6-tumani ma'muriyati rahbari Ondrjyey Kolarjni qo‘riqlay boshlagani haqida tarqatgan xabari ortidan boshlangandi.

Nashr o‘z manbalariga asoslangan holda Chexiyada diplomatik pasport orqali kelgan rossiyalik bu ikki siyosatchini ritsin bilan zaharlamoqchi bo‘lgani haqida yozgandi. 

Ondrjyey Kolarj o‘shanda Pragadagi rus general Konev sharafiga o‘rnatilgan haykalni oldirtirish tashabbusi bilan chiqqandi (haykal 2020 yil 3 aprel kuni demontaj qilingan), Zdenek Grjib esa Rossiyaning Pragadagi elchixonasi oldidagi maydonga rossiyalik marhum muxolifatchi Boris Nemsov nomini berish haqidagi qarorni imzolagandi.

Iyun oyiga kelib Chexiya Rossiya elchixonasining ikki xodimini non grata deb e'lon qiladi va ularni mamlakatdan chiqarib yuboradi. Chex maxsus xizmatlari bu xodimlar o‘rtasida «ichki kurash» bo‘lgan, natijada diplomatik missiya xodimlaridan biri mahalliy siyosatchilarga qarshi hujum rejalashtirilgani haqida yolg‘on ma'umot tarqatgan, degan xulosaga keladi. 

«Bu Chexiya-Rossiya munosabatlarida murakkablik paydo qildi va Rossiya Federatsiyasi sharafiga zarar keltirdi», degandi o‘shanda bosh vazir Babish. O‘z navbatida, Rossiya elchixonasi bu holatni OAVdagi isbotsiz xabarlarga asoslangan holda «uyushtirilgan provokatsiya» va «do‘stlarga xos bo‘lmagan qadam» deb baholagandi.

Mavzuga oid