Diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonni maxsus ro‘yxatga qaytarishni tavsiya qildi
AQShning xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi O‘zbekistonni «maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar» ro‘yxatiga qayta kiritishni tavsiya etdi. AQSh Davlat departamenti 2020 yil dekabrda O‘zbekistonni bu ro‘yxatdan chiqargan edi.
Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) dunyo miqyosidagi diniy erkinlik tahliliga doir navbatdagi yillik hisobotini e'lon qildi.
Hisobotda komissiya AQSh hukumatiga O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha «maxsus kuzatuv ostidagi» davlatlar ro‘yxatiga qo‘shishni tavsiya qilgan.
Davlat departamenti 2020 yil dekabrda O‘zbekistonni bu ro‘yxatdan chiqargan edi. 2018 yil dekabrda esa O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat «alohida xavotirga molik» mamlakatlar ro‘yxatidan chiqqandi.
Asosiy e'tiroz – qonunchilikka
USCIRF'ning yangi hisobotida qayd etilishicha, 2020 yilda O‘zbekistondagi diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishda davom etgan.
«Yil davomida hukumat kamida 8 ta islomiy bo‘lmagan diniy tashkilotni ro‘yxatga oldi, bolalarning masjidga borishiga qo‘yilgan norasmiy taqiq amalda olib tashlandi, Toshkentdagi sinagog buzilishdan saqlab qolindi, ayrim diniy mahbuslar ozod etildi», – deyiladi AQSh komissiyasi xulosasida.
Biroq, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi, USCIRF hisobotiga ko‘ra, xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi qonun loyihasi bilan tanishib chiqib, unga tanqidiy xulosa bergan.
Qonun loyihasidagi qator bandlar, xususan diniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning davlat ro‘yxatidan o‘tishi shartligi, xususiy diniy ta'lim va missionerlikning taqiqlanishi, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi ehtimoliy murakkabliklar, muayyan joylarda diniy marosimlarni o‘tkazish mumkin emasligi, diniy mazmunga ega barcha adabiyotlar va materiallar majburiy tartibda ekspertizadan o‘tishi kabi normalar xalqaro tashkilotlar tomonidan ma'qullanmayapti.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun yangilanmoqda. Qanday o‘zgarishlar bor?
USCIRF – u qanday organ?
Jahonda demokratiya va inson huquqlari ta'minlanishini monitoring qilish funksiyasini zimmasiga olgan AQSh 1998 yilda xalqaro vijdon erkinligi haqida qonun qabul qilgan. Qonun bilan Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Komissiyasi (USCIRF) tashkil etilib, unga jahon mamlakatlarida e'tiqod huquqiga rioya etilishini monitoring qilib borish vazifasi yuklatilgan.
Federal hukumatning mustaqil organi hisoblanuvchi Komissiya 10 nafar a'zodan iborat, ular AQSh prezidenti va Kongress palatalari yetakchilari tomonidan tayinlanadi. Komissiya AQSh rasmiylariga dunyo mamlakatlarida diniy huquqlar ta'minlanishiga oid vaziyat yuzasidan axborot berib, tashqi siyosatda diniy masalalarga urg‘u berib turadi. Hay'at a'zolari (komissarlar) ishtirokida Kongressda yoki jamoatchilik uchun ochiq eshituvlar tashkil etiladi.
Komissiya diniy erkinlik bo‘yicha dunyodagi vaziyatga oid yillik hisobotlar e'lon qiladi. Ushbu hisobotlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lsa-da, AQSh hukumati va parlamenti a'zolari tomonidan muayyan mamlakat bilan hamkorlikka oid qarorlar qabul qilishda inobatga olinadi, muayyan davlatlardagi vaziyat haqida xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim o‘ringa ega.
Hisobotda vijdon erkinligi cheklangan yoki to‘la ta'minlangani shubha ostida bo‘lgan mamlakatlar ikki toifaga ajratiladi: «vaziyat alohida xavotirga molik» va «alohida kuzatuv ostidagi» davlatlar. AQSh birinchi toifa («qora ro‘yxat»)dagi davlatlarga yuqoridagi qonunga asosan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashi, ular bilan hamkorlikni cheklashi mumkin.
USCIRF monitoring natijalarini har yili bahor oylarida hisobot tarzida e'lon qilib boradi. AQSh Davlat departamenti esa yuqoridagi ikki ro‘yxatni yil so‘ngida yangilaydi.
Departament Komissiya tavsiyalarini inobatga olmasligi ham mumkin. Xususan, 2018-2019 yillarda USCIRF O‘zbekistonni «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatiga kiritishni tavsiya qilgan bo‘lsa-da, tashqi siyosat idorasi respublikani «maxsus kuzatuv ro‘yxati»ga qo‘shish bilan cheklangan edi.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024
American Airlines aviakompaniyasi AQShga barcha reyslarni to‘xtatdi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05 / 24.12.2024