Uikend yakunlari: Messi va Ronaldu jamoalarini qutqardi, «Siti»ning chempionligi kechiktirildi
Yevropa futbolida yakshanba oqshomida sodir bo‘lgan asosiy voqealar.
Ispaniya: «Mestalya»ning sehri tugadi
«Valensiya» — «Barselona» — 2:3 (Gabriel Paulista, 50. Soler, 83 — Messi, 57, 69. Grizmann, 63)
Ikki turga diskvalifikatsiya qilingan Ronald Kuman «Granada»ga qarshi o‘yindan keyingi intervyusi orqali shogirdlariga bu o‘yindagi mag‘lubiyat hali hech narsani anglatmasligi, barchasi hali oldinda ekani, navbatdagi besh o‘yindagi g‘alaba chempionlikni ta'minlashi haqidagi fikrni singdirishga harakat qildi. Bu so‘zlar to‘g‘riligi tushunarli. Amalda esa ko‘k-anorranglilar keyingi haftada «Atletiko»ga qarshi yil o‘yinidan oldin bu hafta «Mestalya»ni zabt etishi talab etilardi, bu yerda ular 2016 yil oktyabridan buyon g‘olib bo‘la olishmayotgandi.
Birinchi bo‘limda mehmonlar bir necha bor qulay vaziyatlardan foydalana olmaganda, ikkinchi bo‘lim boshida burchak zarbasi amalga oshirilganda liganing eng samarali himoyachisi Gabriel Paulistaga gol urishga yo‘l qo‘yib berilganda yana hamma «ko‘rshapalaklar» jamoasi uy stadionining magiyasini eslay boshladi. Messi penaltini aniq ijro eta olmagach, bu fikr yanada mustahkamlandi, ammo Silessen zarbani qaytarganidan keyin davom etgan hujumni baribir argentinalik futbolchi gol bilan yakunladi va bu epizod o‘yinni o‘zgartirdi. «Barsa» chempionlik poygasida qoladigan bo‘ldi, o‘yinning eng omadsiz kishisi esa Silessen bo‘lib chiqdi.
U 11-metrlik nuqtadan berilgan zarbadan tashqari de Yongning bosh bilan bergan zarbasini ham barmoqlari uchlari bilan qaytardi, ammo bu safar to‘pga Grizmann yetib keldi, ko‘p o‘tmay Messi ko‘k-anorranglilar futbolkasida 50-marta jarima nuqtasidan gol urdi va bu o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Solerning o‘yin oxiridagi chiroyli goli natijaga ta'sir ko‘rsatmadi. La liganing keyingi turida — «Barselona» — «Atletiko» va «Real» — «Sevilya» o‘yinlarini muxlislar vulqonning uyg‘onishini kutayotgandek kutishmoqda.
Fransiya: «Monako» ko‘pchilik bo‘lib yutqazdi
«Monako» — «Lion» — 2:3 (Folland, 25. Ben Yyedder, 86, penaltidan — Depay, 57. Marselu, 77. Sherki, 89)
Monegaskliklarning bir qator futbolchilari koronavirus tufayli safdan chiqishgan. Millo, Matazo, Diatta, Matsima va Jyelson Martinsh qatoriga endi Aleksandr Golovin ham qo‘shildi. Undan tashqari, Yovetich jarohatini davolashda davom etmoqda. Niko Kovach bu o‘yinda himoyaviy o‘yin olib borishini oldindan bilish qiyin emasdi - Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun «Monako» faqat natijani o‘ylashi kerak.
Qizil-oqlar o‘yinni kutilganidek ehtiyotkorlik bilan boshladi va beshta nominal himoyachi ilk daqiqalardanoq maydonga chiqdi. Lekin bu o‘yinda uslub «PSJ»ga qarshi bo‘lgani kabi «avtobus qo‘yish» emasdi. «Monako» istalgan vaqtda «Lion»ni qarshi hujumlarda ushlashi mumkin edi va bunga imkoniyatlar yetarli edi, o‘yinning birinchi qismida Ben Yyedder va Folland uyushtirgan hujumdan keyin hisob ochildi. Monegaskliklar hisobni saqlab qolish uchun o‘ynay olishardi, ammo bu oqshom «Lui II» stadionidagi o‘yin mutlaqo boshqacha edi.
Uchinchi o‘rin uchun mezbonlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi bo‘lgan «Lion» bu o‘yinga boshqacha tayyorgarlik bilan kelgandi. Avvalo Depayning dahosi ko‘p narsani hal qildi, u dastlab o‘z yurishi bilan hisobni tenglashtirdi, keyin esa jarima nuqtasidan to‘pni Marseluning boshiga qo‘ndirib berdi. Niderlandiyalik futbolchi endi gol+pas bo‘yicha ikki raqamli ko‘rsatkichlarga ega (19+10), ammo bungacha Kakre ikki marta sariq kartochka olib, «Lion» bir kishi kam qoldirgandi. Natijada 1:2 hisobi tez orada 2:2 ko‘rinishiga keldi. 86-daqiqada de Shilo to‘pni darvoza chizig‘i oldidan qaytarib yuborib, jamoani goldan qutqarib qoldi, ammo hakam Kleman Tyurpen «nuqta»ni ko‘rsatdi, u videotakror orqali darvozabon Roni Lopesh to‘pga chiqish vaqtida havoda mushtlari bilan Pellegrining boshiga zarba berib yuborganini ko‘rdi.
Ben Yyedder zarbani «panenka» uslubida ijro etib, Fransiya chempionatidagi 100-golini urdi, mezbonlar o‘yinni saqlab qolishgandek edi, ammo bu goldan keyin maydonga tushgan mehmonlarning 17-yoshli futbolchisi Sherki g‘alaba golini urdi. Endi chempionat yakuniga uch tur qolganida — qizil-oqlar chempionlik haqida emas, uchinchi o‘rin va Chempionlar ligasiga yo‘l olish haqida o‘ylashi kerak bo‘ladi. Endi «Lion» turnir jadvalida nisbatan oson taqvim bilan monegaskliklarni bir ochkolik farq bilan ta'qib etmoqda.
Yakshanba kungi o‘yin final hushtagi bilan yakunlanmadi. Hakam o‘yin yakunlanganini e'lon qilganidan keyin ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida tortishuv boshlanib ketdi, yakunda monegaskliklar safida Pellegri va Jobbel, lionliklar safida esa Marselu va De Shiloga qizil kartochka ko‘rsatildi.
Italiya: Shomurodovning birinchi goli va «Atalanta»ning taslim bo‘lishi
«Latsio» — «Jyenoa» — 4:3 (Korrea, 30, 56. Immobile, 43, penalti. Luis Alberto, 48 — Marushich, 47, avtogol. Skamakka, 80, penalti. Shomurodov, 86).
A Seriyada kun o‘yinlari Rimdagi gollar yomg‘iri bilan boshlandi. Hali ham mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlash imkonini saqlab turgan «Latsio» o‘tgan turda «Olimpiko»da «Milan»ni tor-mor etgani (3:0) kabi o‘ynashda davom etdi. Bu o‘yinda ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida hisob 4:1 ko‘rinishiga keldi - bu gollarning barchasi mezbonlar tomonidan urildi, faqat bittasi avtogol.
Bu avtogol hech narsani o‘zgartirmaydigandek edi, ammo genuyaliklar bo‘lim oxirida o‘yinga qaytishdi va mezbonlarni g‘alabadan mahrum qilishlariga bir baxya qoldi. O‘tgan turda «Spetsiya»ga ham gol urgan va bu safargi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushish imkoniga ega bo‘lgan Shomurodov ishonchni oqladi. Tanaffusda Davide Ballardini maydondan boshqa forvardni — Destroni olishga qaror qildi, o‘zbekistonlik hujumchi esa Badelning uzatmasiga ofsaydga tushmasdan ochildi va raqib darvozabonini dog‘da qoldirib yaqin burchakni nishonga oldi va mavsumdagi beshinchi golini urdi.
«Sassuolo» — «Atalanta» — 1:1 (Berardi, 52, penaltidan — Gozens, 32)
Bu o‘yinda «Inter» rasman Italiya chempioniga aylandi. Voqealarning bunday rivojini birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq taxmin qilish mumkin edi, «Atalanta» darvozaboni Gollini jarima maydoni tashqarisida Bogani yiqitgach, bergamoliklar bir kishi kam bo‘lib qolishdi.
O‘n kishi bo‘lib qolgach «Atalanta» yanada qiziqarliroq o‘ynay boshladi va himoyachi Gozens bu mavsumdagi 10-golini urdi. Ammo ko‘p o‘tmay Rafael Toloi jarima maydoni ichida fol ishlatishi «Sassuolo»ga durang hisob keltirdi - Berardi 11 metrdan zarba berishda adashmadi. Lekin o‘yin davomida vaziyat har qayoqqa burilib ketishi mumkin edi. Mezbonlarning navbatdagi goli VAR aralashuvi tufayli bekor qilindi, Sapata ishlagan penaltidan Muriel foydalana olmadi, qo‘shimcha daqiqalarda Konsili darvoza chizig‘ida to‘pni to‘xtatib qoldi.
«Udineze» — «Yuventus» — 1:2 (Molina, 10 — Krishtianu Ronaldu, 83, penaltidan, 89)
Turinliklar klubi chempionlik tugul, Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolish xavfi ostida qolgandi. «Keksa sinora» atrofida har kuni turli mish-mishlar tarqalmoqda. Turinda Massimiliano Allegrini ko‘rishgani yoki Udineda mag‘lubiyatga uchralsa, Andrea Pirlo ishdan bo‘shatilishi haqidagi gaplar shular jumlasidan. Lekin bu turdagi voqealar rivoji «Yuventus» uchun ideal darajada kechdi. «Atalanta» ochko yo‘qotishi ortidan «Napoli» ham «Kalyari»ga qarshi o‘yinda qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabadan mahrum bo‘ldi (1:1).
Bunday vaziyatda «Yuve» «zebralar»ni oson «ov qilishi» kutilgandi, ammo sobiq chempionlar maydonga lanj holatda tushishdi. Futbolchilarda hech qanday azart ko‘rinmasdi, faqatgina Krishtianu Ronaldu hujum chizig‘ida faol bo‘ldi. Ammo o‘yin boshidayoq Molina o‘tkir burchakni aniq mo‘ljalga olib, hisobni ochdi. Turinliklar qatorasiga o‘n o‘yinda gol o‘tkazishdi, bu 2010 yildan buyon eng yomon seriya hisoblanadi.
Ko‘rsatgan o‘yiniga ko‘ra mehmonlar hatto durangga ham munosib bo‘lishmadi, «byankoneri» o‘ta zerikarli o‘ynadi. Bu safar ham jamoani Ronaldu qutqardi. Portugaliyalik futbolchi o‘yinning oxirgi qismida dastlab penaltidan hisobni tenglashtirdi, keyin boshi bilan uzoq burchakni aniq nishonga olib, chempionatdagi gollari sonini 27taga yetkazdi va kuchli beshlik to‘purarlari ro‘yxatida Messini quvib o‘tdi. Yuqorida faqat Levandovski (36), «Keksa sinora» esa ochkolar soni bo‘yicha «Atalanta» va «Milan» bilan tenglashib oldi, beshinchi o‘rindagi «Napoli» 2 ochkolik farq bilan ta'qib qilmoqda.
Angliya: Beylning ochilishi
«Tottenhem» — «Sheffild Yunayted» — 4:0 (Beyl, 36, 61, 69. Son Xin Min, 77)
Yakshanba kuni Angliyada «MYu» va «Liverpul» ijrosida markaziy o‘yin bo‘lishi kutilgan, agar bu o‘yinda mersisaydliklar g‘alaba qozonsa, «Manchester Siti» Xosep Gvardiola boshqaruvidagi uchinchi chempionlikni nishonlashi mumkin edi. Ammo «qizil iblislar» fanatlari «Old Trafford»ga bostirib kirishi bu voqealarni noma'lum muddatga kechiktirdi. Shu tufayli, shu kungi futbol shuhrati «Tottenhem» hujumchisi Beylga nasib qildi. Uelslik futbolchi shu vaqtgacha Chempionlar ligasida, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida, la ligada va milliy terma jamoada het-trik qayd etgandi, endi esa APLda ham buni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Mourino ketgach, «Tottenhem»ning natijalari barqarorlashgan. Jamoada hali ham kuchli to‘rtlikka qo‘shilish imkoniyati saqlanib turibdi.
Niderlandiya: «Ayaks» gegemonligi davom etadi
«Ayaks» — «Emmen» — 4:0 (Timber, 10. Aller, 61. Rensh, 66. Klassen, 74)
Amsterdamliklar klubi 35-marta chempionlikka erishdi va endi aytish mumkinki «Ayaks» yana niderland futbolidagi dominant kuchga aylandi. Klub qatorasiga uchinchi mavsum chempionlikni nishonlamoqda va bu klub tarixidagi uchinchi seriyadir.
O‘tgan asrning 70- yillarida Rinus Mixelsning total futboli hamda Kroyf va Neskens kabi buyuk futbolchilardan iborat tarkib tufayli shunday gegemonlik kuzatilgandi. 90-yillar oxirida Lui van Gaal boshqaruvida aka-uka de Burlar, Klyuyvert, Laudrup, Litmanen, Overmars, Davids, Finidi, Kanu va Arveladze kabi futbolchilar yorqin o‘yin namoyish etishgandi.
Hozirgi «Ayaks» global darajada kuchli bo‘lmasa-da, ichki chempionatda bu jamoaga teng keladigan raqib topilmayapti. Jamoada Klassen, Aller, Blind va Tadich kabi tajribali futbolchilar yana jamlangan. Amsterdamliklar klubi chempionlik rasmiylashtirilishi arafasida Erik ten Haag bilan shartnomani 2023 yilga qadar uzaytirdi, unga «Tottenhem» va boshqa klublardan qiziqish bildirilayotgandi.
Kun statistikasi:
- Vidal so‘nggi 10 mavsumidan 9tasida chempion bo‘lgan. Chililik futbolchi 4 bor «Yuventus» bilan skudettoni qo‘lga kiritgan, uch bor bundesligada «Bavariya» bilan chempion bo‘lgan va la ligada ham «Barselona» bilan bir bor g‘oliblikni nishonlagan. U navbatdagi titulni «Inter» bilan birga qo‘lga kiritdi.
- Messi 14-penaltini aniq ijro eta olmadi. Yana bir bor nuqtada adashsa, Leo Ispaniya chempionatining bu boradagi rekordchisi Ugo Sanches bilan tenglashadi.
- «Sassuollo» darvozaboni Konsili A Seriyadagi 12 mavsumida 19-marta penalti qaytardi. Bu davr mobaynida faqat «Inter» darvozaboni Handanovich yuqoriroq natija qayd etgan (23).
- A Seriya tarixida het-trik qayd etgan eng yoshi katta futbolchi «Bolonya» hujumchisi Palasio bo‘ldi. Ushbu argentinalik futbolchi 39 yoshu 86 kunligida «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda (3:3) jamoasining barcha gollariga mualliflik qildi. U 1950 yildan buyon bu boradagi rekordga egalik qilib kelgan Silvio Pioladan ikki yoshga katta.
- 1033 gol — Turkiya Superligasida bir mavsumda urilgan gollar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Bu postkovid mavsumida kutilgan natija edi, yuqori divizionda bu mavsumda odatdagi kabi 18 emas, 21 jamoa ishtirok etmoqda.
Mavzuga oid
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:26 / 04.11.2024