O‘zbekiston | 18:40 / 04.05.2021
30605
5 daqiqa o‘qiladi

XDP Samarqand viloyat kengashiga O‘zLiDeP deputati rais etib saylangan: partiya xodimlari buni sharmandalik deb baholamoqda

Yaqinda xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashiga saylangan rais shu vaqtgacha boshqa partiya — O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi deputati edi. Qiziq, Samarqandda endi buyog‘iga XDP — O‘zLiDeP g‘oyalari asosida ishlaydimi? Yoki partiyaning yangi rahbari Badriddin Nasriyev qandaydir favqulodda sabab bilan O‘zLiDeP g‘oyalaridan butunlay voz kechdimi? Undan ham qizig‘i, muqaddam XDP Samarqand viloyat kengashida jamoaga rahbarlik qila oladigan biror rahbar kadr chiqmaganini XDP tan olib, o‘z rahbarligiga boshqa partiyadan yordam so‘radimi?

Nima bo‘lganda ham «siyosat tarixi»da bo‘lmagan yangilik bu. Albatta, partiya rahbariyati bu masalaga izoh berar (lekin nima deb izoh berishi kishini o‘ylantiradi). Hozircha esa XDP Samarqand viloyat kengashining ayrim xodimlari alam bilan so‘zlayotgan ba'zi jihatlarga to‘xtalamiz.

«Shu yil 17 mart kuni O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashining amaldagi deputati Badriddin Nasriyev mavjud qoidalarga zid ravishda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi raisi lavozimiga saylandi.

Bu holat aslida XDPning ham qoidalariga zid. O‘zbekiston XDP Ustavining 14.1 hamda 7.8-bandlari qo‘pol ravishda buzildi. Ustavga ko‘ra, aslida yuqoridagi yig‘ilishning o‘zi qonuniy bo‘lishi uchun plenum a'zolarining hech bo‘lmaganda yarmi ishtirok etishi kerak edi. Ammo anjumanda 59 nafar plenum a'zolaridan faqat 27 kishi ishtirok etdi.

2021 yil 17 mart kunidagi yig‘ilish bayonnomasi:

Umuman, boshqa partiya vakilining bizga rahbar etib saylanishi nafaqat partiyamiz xodimlari, balki XDPga ergashganlar uchun ham sharmandali holat bo‘ldi deb hisoblaymiz», deydi XDP Samarqand viloyat kengashi vakillari.

Mayli, XDP vakillari qandaydir sabab bilan bunday g‘alati holatga ko‘ndi ham deylik. Ammo masalaning yana bir tomoni bor. Hozirgi rahbar B.Nasriyev deputatlik saylovlarida O‘zLiDeP vakili sifatida ishtirok etgan. O‘zLiDeP g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan saylovchilar ishonch bildirib uni saylagan ham. Ana endi, saylovchilar o‘zlari qo‘llab-quvvatlagan nomzod butunlay boshqa partiyaga rahbar bo‘lib o‘tganini qanday qabul qilishi kerak? Yoki hozirgi deputatlar fikricha, saylovchilarning hech narsaga fahmi yetmaydimi? Yoki saylovchilarga buning ahamiyati yo‘qmi? Ehtimol, bu holatga B.Nasriyevning o‘zi tosh bosadigan biror izoh aytar.

Xalq demokratik partiyasi ustavining 7,8-bandida aniq qilib belgilab qo‘yilgan: «Mintaqaviy partiya kengashi raisi kengash plenumida uning a'zolari orasidan saylanadi. Mintaqaviy partiya kengashi raisini saylash to‘g‘risidagi qaror Partiya Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasi hay'ati tomonidan tasdiqlanadi».

Qiziq, o‘z ustaviga amal qila olmagan, uni qo‘pol tarzda buzgan partiya qaysi qonun va me'yorlarga amal qilarkan? Xalq manfaati-chi? Hech qanday me'yor va qoidani tan olmagan partiya xalq manfaatini o‘ylarmikan? Holat shunchalik qo‘polki ana shu savollar har qanday kishini tashvishga soladi.

Darvoqe, partiya xodimlari endi yangi rais XDP viloyat kengashida O‘zLiDeP g‘oyalarini, ish uslubini qo‘llayotganidan norozilik bildirishdi. Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan kishi. Axir, shuncha yil O‘zLiDeP vakili bo‘lgan odam albatta shu partiyaga xos ishlaydi-da. Uni saylagan boshqalarmas, shu partiya vakillari-ku, norozi bo‘lib kelgan partiya xodimlarini ham tushungingiz keladi...

XDP vakillari ayni vaqtda partiyaning viloyat kengashida bo‘layotgan ko‘plab adolatsizliklar haqda gapirishdi. Ammo yuqoridagi muammo oldida qolganlari baribir ip esholmasa kerak. Avvalo, partiya o‘zi yozgan qoidalarga amal qilishni o‘rganishi lozim. Qolgan masalalarni keyin ko‘tarib chiqarmiz, albatta.

Yana bir baho: nahotki butun boshli viloyatning butun boshli bir partiyasida o‘zlari uchun munosib lider bo‘lmagan bo‘lsa...

Anvar Mustafoqulov

Mavzuga oid