O‘zbekiston | 08:24 / 07.05.2021
2869
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda budjet pullarini talon-toroj qilish asosan ta'lim va tibbiyot sohasiga to‘g‘ri kelgan

Navoiy viloyatining tuman va shaharlarida prokuratura xodimlari tomonidan xalq ta'limi, maktabgacha ta'lim hamda tibbiyot sohasi xodimlari ishtirokida sodir etilayotgan korrupsion jinoyatlar tahlili va sabablariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.  

Viloyat prokuraturasining ma'lum qilishicha, hududda budjet pullarining talon-toroj qilinish holatlari asosan ushbu sohalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ta'kidlanishicha, tibbiyot, maktabgacha ta'lim va xalq ta'limi tizimlarida korrupsiya holatlarini sodir etish evaziga bo‘sh ish o‘rinlari bo‘lmasa ham tasdiqlangan shtatlar jadvaliga nisbatan ortiqcha shtat birliklari saqlash yoki bir ish o‘rniga bir necha fuqarolarni ishga qabul qilish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.

Hozirgacha Xatirchi, Konimex, Karmana va Navoiy shahri prokuraturalari tomonidan shunday yig‘ilishlar o‘tkazilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilmagan xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirilgan.

Avvalroq Navoiy viloyati prokurori va viloyat DXX boshqarmasi boshlig‘i hamkorligida viloyatdagi barcha tijorat banklari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, bank xodimlari qat'iy ogohlantirilgandi.

Mavzuga oid