O‘zbekiston | 12:05 / 07.05.2021
23947
2 daqiqa o‘qiladi

Tomskda O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan mulozimga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi 

Foto: Videodan kadr

Tomskda O‘zbekiston fuqarosi bilan yuz bergan holat yuzasidan politsiya xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Rossiyaning Tomsk shahrida federal xizmat xodimi tomonidan O‘zbekiston fuqarosining huquqi buzilib, unga nisbatan kuch ishlatgani yuzasidan vakolatli idoralarga murojaat qilingandi.

Ayni vaqtda Rossiya Tergov qo‘mitasining Tomsk oblasti tergov organlari tomonidan RF JKning 286-moddasi 3-qismi "a" bandida ko‘zda tutilgan (Kuch ishlatish yoki undan foydalanish tahdidi bilan mansab vakolatlarini oshirish) jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, politsiya xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining Tomsk shahrida federal xizmat xodimi tomonidan O‘zbekiston fuqarosining huquqi buzilib, unga nisbatan kuch ishlatilgani haqida ma'lumotlar tarqaldi.

Qayd etilishicha, bunga sabab – o‘zbekistonlik migrantning savol berib, huquqini talab qilgani. Pasportini taqdim etgan bo‘lsa-da, migratsiya xizmati xodimi undan haydovchilik guvohnomasini ham ko‘rsatishni talab qilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu holatga aniqlik kiritish, shuningdek har tomonlama va obektiv tekshiruv o‘tkazish yuzasidan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hamda agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan Rossiyaning vakolatli idoralariga tegishli so‘rovnomalar yuborilganini bildirgan.

Mavzuga oid